SULTON
SULTON (arab. hukmdor, podshoh) — 1) musulmon davlatlari boshliqlarining unvoni. X asrda islom mamlakatlarida hukmdor Sulton deb yuritilgan. Shohlar, xonlar va ularning farzandlari ismiga Sulton so’zi qo’shib aytilgan. Rum sultonligi hukmdorlariga Sulton unvoni XI asrning 30-yillaridan berila boshlangan. Mazkur unvonni birinchi bo’lib saljuqiylardan bo’lgan To’g’rulbek 1038-yilda olgan va bu unvon 1055-yil Bag’dod zabt etilganidan so’ng xalifa tomonidan e‘tirof etilgan. Usmonli turk hukmdorlari, Xorazmshoxlar, G’aznaviylar singari mustaqil davlat hukmdorlari ham Sulton atamasi bilan ifodalangan. Mo’g’ul istilosidan keyin Chingizxon xonadonining har bir vakili Sulton deb atalgan. Temuriylar saltanatida ham keng iste‘molda bo’lgan. Shayboniylarda Sulton hukmdorlar, sulola vakillariga berilgan. Janubiy Arabiston va G’arbiy Afrikadagi yirik mulkdorlar, ba‘zi qabila boshliklari, Hindiston va Indoneziyadagi ayrim hokimlar Sulton deb nomlangan. Marokashda 1957-yilgacha, Turkiyada 1922-yilgacha amalda bo’lgan; 2) kishi ismining tarkibiy qismi. Masalan, Sulton Sanjar, Sulton Boyazid, Sulton Muhammad, Xalil Sulton, Ruqiya Sulton va boshqalar.