SUVERENITET

SUVERENITET (fr. souverainete — oliy hokimiyat) — hokimiyatning ustunligi va mustaqilligi. Suverenitetni hurmatlash — xalqaro huquq va xalqaro munosabatlarning asosiy prinsipi. U BMT Ustavi va boshqa xalqaro hujjatlarda mustahkamlab qo’yilgan. Konstitutsiyaviy huquqda davlat Suvereniteti, millat Suvereniteti, xalq Suvereniteti tushunchalari ishlatiladi. Davlat Suvereniteti — hokimiyatning mamlakat ichida oliyligi va tashqi munosabatlarda to’la mustaqilligi. Davlat Suvereniteti haqidagi g’oya Jan Boden (XVI asr, Fransiya)ga tegishlidir. Uning fikricha, Suverenitet davlatning eng muhim belgisi hisoblanadi, bunda abadiy, mutlaq, bo‗linmas oliy hokimiyat nazarda tutiladi. Davlat Suvereniteti tushunchasi keyingi davrlarda yanada rivojlantirildi va boyitildi. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida davlat Suvereniteti alohida bobda o’z ifodasini topgan, Konstitutsiyaning 1-moddasida ―O’zbekiston suveren demokratik respublika ekanligi qayd qilingan. Millat Suvereniteti — millatning to’la hokimiyatini, uning to’la siyosiy erkinligini, o’z milliy hayotini belgilash real imkoniyatiga egaligini, mustaqil davlatni tashkil qila olishgacha bo’lgan huquqqa egaligini bildiradi. Xalq Suvereniteti – xalqning to’la hokimiyatini anglatadi, ya‘ni xalq jamiyat va davlatni boshqarishda real ishtirok etish uchun ijtimoiy -iqtisodiy va siyosiy vositalarga ega bo’ladi. Xalq Suvereniteti – barcha demokratik davlatlarda konstitutsiyaviy tuzum prinsiplaridan biri hisoblanadi.