TABIATNI MUHOFAZA QILISH
TABIATNI MUHOFAZA QILISH — tabiat va uning boyliklaridan oqilona foydalanishga, tabiatni inson manfaatlarini ko’zlab ongli ravishda o’zgartirishga, tabiat boyliklari va umuman tabiatni, uning go’zalligi, musaffoligini saqlab qolishga va yanada boyitishga qaratilgan barcha tadbirlar majmuasi. Tabiatni muhofaza qilish tadbirlari majmuasiga davlatlar, xalqaro tashkilotlar, jamoat, ilmiy-texnik, ishlab chiqarish., iqtisodiy va ma’muriy tashkilotlar, har bir odam tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar kiradi. Hozirgi vaqtda inson yashab, to’xtovsiz munosabatda bo’lib kelayotgan tabiiy muhit uzoq geologik davrlar (4,5—4,7 milliard yil) mobaynida bir qancha omillarning birgalikda ta’sirida, ya’ni Quyosh nuri, erning massasi, gravitatsiya kuchi, ko’lami, aylanma harakatlari, tektonik harakatlar, havo va suv qobiqlarining vujudga kelishi va o’zgarishi, ekzogen jarayonlar ta’siri, organik dunyoning paydo bo’lishi va taraqqiyoti ta’sirida tarkib topgan. Tabiiy muhitning holati o’zaro ta’sir etib turuvchi ko’p omillarning murakkab majmuida tarkib topgan tabiiy muvozanatga bog’liq. Chunki bir joyning iqlimi Quyosh nurining tushish burchagiga, ya’ni geografik kenglik, yer yuzasining tuzilishi, shamollar, okeanlarning uzoqyaqinligi, oqimlari va boshqalarga; o’simliklar qoplami esa iqlim, yer yuzidagi tog’ jinslari, relef, tuproqlarga bog’liq. Bu tabiiy omillarning birontasida o’zgarish ro’y bersa, tabiiy muvozanat buziladi, bu esa tabiiy muhitda o’zgarishlarga sabab bo’ladi. Ba’zan, tabiatning biror komponentiga ko’rsatilgan arzimagan ta’sir hech kutilmagan katta o’zgarishlarga, xususan xavfli o’zgarishlarga olib kelishi mumkin. Har qanday tirik mavjudot o’z atrofini o’rab turgan tabiiy muhit bilan o’zaro ta’sirda bo’ladi, undan o’ziga kerakli narsalarni oladi, shu muhitda moslashadi, muhit tarkibiga, undagi modda va energiyaning aylanma harakatiga ma’lum darajada o’zgarish kiritadi. Yerning havo qobig’idagi hozirgi gazlar tarkibi, miqdori, ayrim foydali qazilmalari, masalan, ohaktosh, toshko’mir, qo’ng’ir ko’mirning hosil bo’lishi, tuproq qoplamining tarkib topishi, rivojlanishi organizmlarning hayot faoliyati natijasidir. Organik dunyoning tabiiy muhit bilan o’zaro ta’siri biologik evolyutsiya jarayonida yangi turlarning paydo bo’lishi, raqib turlar sonining ko’payishi yoki kamayishi va atrof muhitning o’zgarishi natijasida o’zgaradi. Yerda odamnish paydo bo’lishi organik dunyo bilan tabiiy muhit o’rtasidagi o’zaro munosabatni tubdan o’zgartirib yubordi. Inson tabiatga mehnat qurollari vositasida yaylovlardan noto’g’ri foydalanish oqibatida ta’sir ko’rsatadi. U o’zining tabiat bilan bo’lgan o’zaro ta’siri usullarini takomillashtirib boradi. Natijada inson yashay oladigan hudud kengayadi, foydalaniladigan tabiiy elementlar soni va hajmi ortadi, binobarin, insonning tabiatga tazyiqi sifat jiqatidan ham, ko’lam jihatidan g’am ko’payadi. Inson o’zi yashashi va faoliyat ko’rsatishi uchun tabiiy muhitdan tashqari yana sun’iy muhitni ham bunyod etadi. Masalan, shaharlar, turar joy binolari, bog’lar, suv omborlari, yo’llar va boshqalar. Ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi, fan va texnikaning taraqqiy etishi bilan, tabiiy boyliklarning ahamiyati, ulardan foydalaniladigan sohalar, ularni ishlatish shakllari ham o’zgarib boradi. Qadimda bir necha xil kimyoviy elementlardan foydalanilgan bo’lsa, hozirgi vaqtda mavjud barcha elementlardan foydalaniladi. Shu bilan birga ko’pchilik foydali qazilmalar tobora ko’proq qazib chiqarilmoqda. Insonning tabiatga ta’siri kuchayishidan, antropogen landshaftlar ko’paymokda. Hayvonot va o’simlik olamidan rejasiz foydalanish yoki inson faoliyati bilan bog’liq boshqa sabablar tufayli 16-asrning oxirlaridan 20-asrning 70 yillarigacha umurtqali hayvonlarning 250 turi va kichik turlari butkul yo’qolib ketdi. 80 yillardan boshlab har yili o’rtacha 1 ta hayvon turi va 50 ga yaqin o’simlik turi yo’qolib bormoqda. Qush va sut emizuvchilarning 1000 dan ortiq turi yo’qolib ketish arafasida turibdi. Yil davomida 1 milliard tonna yoqilg’i yoqiladi, atmosferaga yuzlab million tonna azot oksidi, oltingugurt, uglerod, qurum, chang va boshqalar chiqariladi. Tuproq va suvlar sanoat va maishiy chiqindilar (bir necha milliard t), neft mahsulotlari (bir necha million tonna), mineral o’g’itlar (yuz million tonnaga yaqin), og’ir metallar, radiaktiv chiqindilar bilan ifloslanadi. Inson tabiiy sharoit va boyliklardan ko’p maqsadlarda foydalanadi. Bu esa ayni paytda, tabiatni tegishlicha muhofaza qilishni ham taqozo etadi. Bular: xo’jalik, sog’liqni saqlash va gigiena, nafosat (estetik), turizm, ilmiy hamda tarbiyaviy maqsadga muvofiq foydalanish. Maqsadga muvofiq foydalanish deganda, tabiat boyliklaridan mamlakat yoki butun insoniyat manfaati yo’lida foydalanish tushuniladi. Bunda hozirgi va kelajak avlodning manfaatlarini ko’zlab faoliyat yuritish nazarda tutiladi. O’z taraqqiyotini oldindan uzoq muddatga ilmiy asosda rejalashtira oladigan va tabiiy muvozanatni o’zgartirmasdan foydalana oladigan jamiyatgina taraqqiyotga erishadi. Tabiiy boyliklardan oqilona foydalanishdan tabiatda ro’y beradigan jarayonlarning o’zaro bog’likligi va rivojlanishi qonuniyatlari haqidagi bilimlar katta ahamiyatga ega. Busiz tabiiy jarayonlarga baho berish, ularni xisobga olish, tabiatga, tabiat komponentlariga ko’rsatilgan har qanday ta’sirning kelajakda qanday oqibatlarga olib kelishini oldindan bilish mumkin emas. Inson tabiatdan foydalanganda va unga ta’sir ko’rsatayotganda bilishi va faoliyatida amal qilish zarur bo’lgan, asosan, 5 qonuniyat mavjud: 1) tabiatdagi barcha komponent va elementlar o’zaro bir-birlari bilan bog’langan, o’zaro ta’sir etib, muayyan muvozanatda bo’lib, uyg’unlik hosil qilgan. Biron komponent yoki element o’zgarsa, butun tabiiy kompleksda o’zgarish ro’y beradi; 2) tabiatda to’xtovsiz modda va energiyaning aylanma harakati ro’y berib turadi. Bu xayot asosi; 3) tabiiy jarayonlarning rivojlanishida muayyan davriyliklar mavjud (sutkalik, yillik, 12 yillik, 33— 35 yillik va ko’p yillik); 4) zonallik; 5) regionallik. Insonning tabiat bilan o’zaro ta’siri jamiyat taraqqiyoti, ishlab chiqarish. usullari mukammallasha borgan sari jadallashadi, tabiatdan, uning boyliklarini, qurilish va ishlab chiqarish. teknikasi, aloqa vositalari yirik shaharlarni o’zgartirib, yirik vohalar, madaniy landshaftlar yaratishga, hosildor ekin hamda mevalar, mahsuldor chorva mollari yetishtirishga imkon beradi. Lekin ba’zan chuqur o’rganmasdan inson qudratiga ortiqcha baho berib, tabiatga ta’sir ko’rsatish tabiatni foydalanib bo’lmaydigan holatga, uning buzilishi va ifloslanishiga olib kelishi mumkin. Bunday manzara insoniyatning butun tarixi mobaynida kuzatiladi. Pekin 19-asrgacha insonning tabiatdan foydalanish ko’lami uncha katta bo’lmagani uchun inson faoliyatining tabiatga ta’siri ham kamroq bo’lgan. 20-asrning 2-yarmida sanoat ishlab chiqarishning rivojlanishi, qishloq xo’jaligida turli xil kimyoviy moddalarning ko’p qo’llanilishi, katta maydonlarda muttasil bir xil ekinlarning yetishtirilishi, transport vositalarining ortiqcha ko’payib ketishi, shaharlarning yiriklashib ketishi, tabiat muhofazasiga yetarlicha e’tibor berilmaganligi tabiiy muhitning buzilishiga, ayrim joylarning ifloslanib ketishiga sabab bo’ldi. Ayrim konchilik sanoati rnlarida tabiiy muhit juda buzilib ketgan. Katta maydonlarni kon chiqindi jinslari egallagan, chuqur ochiq karerlar yer osti suvi sathini pasaytirishi natijasida o’simlik qoplami qurib bormoqda. Rekultivtasiya ishlariga, xususan rivojlanayotgan mamlakatlarda etarlicha e’tibor berilmaydi. Hozirgi vaqtda Tabiatni muhofaza qilish muayyan o’lka yoki mamlakat doirasidan chiqib, umumjahon muammosiga aylanib bormokda. Yerning ozon pardasidagi o’zgarishlar, dunyoda haroratning ko’tarilib borayotgani, qutbiy va tog’muzliklarining qisqarib borayotgani ana shunday muammolardan. Ayniqsa, qayta tiklanmaydigan tabiiy boyliklarning kamayib borayotganligi va atrof tabiiy muhitning ifloslanayotgani bir qancha mamlakatlarda, ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda Tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini ko’rishga majbur etdi. Ko’pchilik rivojlangan mamlakatlarda o’rmonlarni kesish cheklandi, yerdan kadastr asosida foydalaniladigan bo’ldi, daryo va ko’llar suvlari tozalanib, baliqlarni ko’paytirish boshlandi. Ovchilik tartibga solindi, qo’riqxonalar, muhofaza qilinadigan hududlar ko’paytirildi. Biroq 20-asrning o’rtalaridan boshlab zararli chiqindili ishlab chiqarish. korxonalarining rivojlanayotgan mamlakatlarga ko’chirila boshlangani bu mamlakatlarda atrofmuhitning ifloslanishiga sabab bo’lmoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli tabiatni muhofaza qilishga etarli mablag’ajratishga qodir emas. Tabiatni muhofaza qilish sohasida xalqaro qat’iy hamkorlikning yo’qligi ham tabiiy boyliklardan foydalanishda va Tabiatni muhofaza qilishda etarlicha samara bermayapti. Hozirgi vaqtda Tabiatni muhofaza qilishni ta’minlash masalalari nazariy jihatdan ishlab chiqilgan. Lekin bularni amalga oshirish juda katta mablag’sarflashni talab qiladi. Buning ustiga qirg’in qurollarini ishlab chiqarish., ularni saqlash ham tabiiy muhitning ifloslanishiga olib keladi. Shu nuqtai nazardan qirg’in qurollarni ishlashni ta’qiklash, borlarini yo’qotish ham tabiat muhofazasida katta ahamiyatga ega. O’zbekistonda 20-asrda, ayniqsa, uning 2-yarmida qishloq xo’jaligida monokultura tizimining qo’llanishi, gerbitsid va pestisidlarning haddan tashqari ko’p ishlatilishi, mavjud suv zaxiralaridan noto’g’ri foydalanish oqibatida atrofmuhit holatida katta salbiy o’zgarishlar ro’y berdi. Orol dengizi deyarli quridi, uning atrofida cho’llashish kuchayib ketdi, yer osti suvlari sho’rligi darajasi oshdi. Inson salomatligi uchun zarur sharoit buzildi, kamqonlik, gepatit, zotiljam kabi kasalliklar ko’paydi. Paxta monokulturasi ta’sirida boshqa hududlarda ham inson hayoti uchun zarur bo’lgan ekologik vaziyat yomonlashdi. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, dastlabki kunlardan boshlab, Tabiatni muhofaza qilishga, respublika hududini ekologik tanazzuldan muhofaza qilishga kirishdi. Tabiatni va uning komponentlarini muhofaza qilish to’g’risida bir qancha qonunlar qabul qilindi. Bular «Tabiatni muhofaza qilish to’g’risida» (1992 yil 9 dekabr), «Suv va suvdan foydalanish to’g’risida» (1993 yil 6 may), «Yer osti boyliklari to’g’risida» (1994 yil 23 sentabr.; 2002 yil 12 dekabrda yangi tahrirdagi), «Atmosfera havosini muhofaza qilish to’g’risida» (1996 yil 27 dekabr), «O’simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to’g’risida» va «hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to’g’risida» (1997 yil 26 dekabr), «Davlat kadastrlari to’g’risida» (2000 yil 15 dekabr), «O’rmon to’g’risida» (1999 yil 15 aprel), «Chiqindilar to’g’risida» (2000 yil 5 aprel)gi qonunlardir. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50, 54, 55 va 100-moddalarida Tabiatni muhofaza qilishga oid normalar bayon etilgan. Konstitutsiyaning 11 bobi 50 moddasida «Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lishga majburdirlar», deb ko’rsatilgan. 55-moddasida «Yer, yer osti boyliklari, suv, o’simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir. Ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir», deyilgan. Mamlakatimizda «Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi» tashkil qilingan (1996 yil 26 aprelda Oliy Majlis tomonidan tasdiqlangan Nizom asosida faoliyat ko’rsatadi). Qo’mita quyidagi vazifalarni bajaradi: atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan foydalanish va ularni qayta tiklash ustidan nazorat qilish; Tabiatni muhofaza qilish faoliyatini tarmoklararo kompleks boshqarish; Tabiatni muhofaza qilish hamda resurslarni tejash borasida yagona siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish; atrof-muhitning ekologik holati qulay bo’lishini ta’minlash, ekologik vaziyatni boshqarish. O’zbekiston Tabiatni muhofaza qilish sohasida bir qancha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi va dasturlarda, jumladan, BMTning atrofmuhit bo’yicha dasturi (YUNEP)da ishtirok etadi. YUNEP va ayrim rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikda biologik xilmaxillikni saklashning milliy strategiyasi va 10 dan ortiq milliy ekologik qonunlar ishlab chiqildi. 1993 yil mart oyida Qozog’istonning Qizilo’rda shahrida O’rta Osiyodagi 5 davlatning Oliy darajadagi uchrashuvida Orol dengizi muammolari bo’yicha davlatlararo kengash va uning ijroiya qo’mitasi hamda Orolni qutqarish xalqaro fondi tashkil etildi. Uning vazifasi Orol dengizi, uning sog’lom ekologik sharoitini tiklash, mazkur regionni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, hudud sanitariya-gigiena muxitini yaxshilashdir. O’zbekistonda 10 dan ortiq o’rmon xo’jaligi, 8 ta qo’riqxona, 2 milliy bog’, bir qancha buyurtma qo’riqxona mavjud. Ularda tabiat yodgorliklari, kamayib ketgan o’simlik va hayvonlar qo’riklanadi, o’rganiladi va ko’paytiriladi. O’zbekistonda tabiatni muhofaza qilish respublika jamiyati, 12 ta viloyat va Qoraqalpog’iston jamiyati, O’zbekiston geografiya jamiyati, Ekosan, bir qancha ilmiyommabop va ilmiy jurnallar, radio va televidenie, vaqtli matbuot Tabiatni muhofaza qilish haqidagi bilimlarni targ’ib qilmoqda. Aholi o’rtasida tabiat, undan oqilona foydalanish va muhofaza qilish haqidagi bilimlarni targ’ib qilish, aholining geografik, ekologik madaniyatini ko’tarish Tabiatni muhofaza qilishda katta ahamiyatga ega. Tabiatni, uning boyliklarini muhofaza qilish, geografik ekologiya o’quv kurslari o’rta maxsus va oliy yurtlarining tabiatshunoslik mutaxassisliklari talabalariga maxsus kurslar sifatida o’qitilmoqda. Ad.: Karimov I.A., O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka taxdid, barkarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari, T., 1997; Akramov 3. M., Rafikov A.A., Proshloe, nastoyatshee i budutshee Aralskogo morya, T., 1990; Nig’matov A.N., O’zbekiston Respublikasining ekologik huquqi, T., 2004; Rafikov A.A., Geoekologik muammolar, T., 1997; To’xtaev L., Hamidov A., Ekologiya asoslari va tabiatni muhofaza qilish, T., 1994; G’ulomov P.N., Inson va tabiat, T., 1990. Potihkamol G’ulomov.