TABIIY GEOGRAFIK JARAYONLAR
TABIIY GEOGRAFIK JARAYONLAR — tabiatda modda va energiya o’zgarishlari hamda umuman, tabiiy geografik majmualarning rivojlanishiga sabab bo’luvchi barcha hodisalar. Bular atmosfera tsirkulyatsiyasi, namlikning aylanishi, relef hosil bo’lishi, nurash, tuproq hosil bo’lishi, o’simlik va hayvonot dunyosining mavsumiy hamda asriy o’zgarishlari, komponentlararo aloqalarda ro’y beruvchi jarayonlardan iborat. Tabiiy geografik jarayonlarni tadqiq etish landshaftlarni dinamik tuzilma sifatida o’rganishga, ularni muhofaza qilish va o’zgartirishning oqilona yo’llarini tanlashga imkon beradi. Geografik majmualararo hamda komponentlararo modda va energiya almashinuvini aniqlash ayniqsa katta nazariy ahamiyatga ega. Tabiiy geografik jarayonlar vaqt davomida (davriy) va muayyan tartibda (birin-ketinlik bilan) takrorlanib turadi. Masalan, havo harorati, namligi, shamollar, yorug’lik kechakunduz davomida, turli xil ob-havo fasllar davomida, fasllar yil davomida almashinib (takrorlanib) turadi. Shuningdek, tog’jinslarining nurashi, suv toshqini va boshqalar ham muayyan tartibda takrorlanadi.