Tabiiy geografik rayonlashtirish

Tabiiy geografik rayonlashtirish — yer yuzasining hududiy yaxlit va ichki tuzilishi hamda tabiiy xususiyatari jihatdan bir butun bo`lgan tabiiy geografik rayonlarga ajratishga aytiladi.

Tabiiy geografik rayonlashtirish — hududlarni tabiiy-geografik xususiyatlariga qarab turli katta-kichiklikdagi regional birliklarga bo`lish sistemasi. Tabiiy geografik rayonlashtirish tabiatda ob’ektiv mavjud bo`lgan va regional jihatdan bir-biri bilan bog`liq regional tabiiy geografik komplekslar (o`lkalar, provinsiyalar, okruglar, rayonlar va h.k.) ajratiladi, asoslab beriladi, tasvirlanadi hamda xaritaga tushiriladi. Tabiiy geografik rayonlashtirish har bir regionning o`ziga xos sharoiti va resurslarini baholashga imkon beradi. Shuning uchun ham tabiiy geografik rayonlashtirish qishloq xo`jaligi tarmoqlarini joylashtirish va ixtisoslashtirishda, yerlarni o`zlashtirish hamda tabiatni o`zgartirishning har bir joyga xos ilmiy asoslangan metodlarini aniqlashda muhim ahamiyatga ega. Umumiy tabiiy geografik rayonlashtirishdan tashqari amaliy tabiiy geografik rayonlashtirish ham mavjud. Bunga qishloq xo`jalik maqsadlarini ko`zlab tabiiy geografik rayonlashtirish qurilish maqsadlari uchun tabiiy geografik rayonlashtirish yerlarni obikor dehqonchilik maqsadida rayonlashtirish va boshqalar kiradi. Tabiiy geografiyada regional tabiiy geografik birliklar zonallik va azonallikning bir butunligi asosida rivojlanadi, binobarin, har bir regional birliklardagi regionda tabiatning ham zonallik, ham provinsiallik qonuniyati aks etadi, degan tasavvur qaror topdi. Tabiiy geografik rayonlashtirish quyidagi prinsip va metodlar asosida amalga oshiriladi: hududiy yaxlitlik (umumiylik) prinsipi, genetik prinsip (bunda turli landshaftlarning paydo bo`lishi va rivojlanishiga ko`ra o`xshash tomonlar yoki tafovutlari hisobga olinadi), komplekslik prinsipi, nisbiy bir xillik prinsipi; juz’iy (komponentlar bo`yicha) rayonlashtirish sxemalarini bir-biriga taqqoslash metodi, yetakchi omil metodi, regional birliklarni landshaft — tipologik komplekslar xaritalariga qarab ajratish metodi, miqdoriy ta’riflash metodi, tabiiy geografik birliklarni bevosita dalada aniqlash metodi. Kompleks tabiiy geografik rayonlashtirishdan tashqari, ayrim tabiiy komponentlarni rayonlashtirish, ya’ni juz’iy tabiiy geografik rayonlashtirish ham mavjud. Bunga geomorfologik, iqlimiy, tuproq-geografik, geobotanik va zoogeografik rayonlashtirish misoldir.

Kompleks tabiiy geografik rayonlashtirishning asosiy birliklari quyidagilardir: geografik mintaqa, geografik zona, geografik zonacha, tabiiy geografik o`lka, tabiiy geografik provinsiya, tabiiy geografik okrug, tabiiy geografik rayon. Hozirgi vaqtda geografik qobiqning differensiatsiyasi (tabaqalanishi), ya’ni regional landshaft komplekslariga bo`linishi haqidagi ta’limot tabiiy geografik rayonlashtirish nazariy asosidir, chunki tabiiy geografik rayonlashtirish shu tabaqalanishning aniq aks etishi deb hisoblanmoqda. Materiklar bilan okeanlarni birgalikda tabiiy geografik rayonlashtirish g`oyasi olg`a surilmoqda.