TABIIY MONOPOLIYA
TABIIY MONOPOLIYA — bozorda muayyan tovarlar (ishlar, xizmatlar) turlariga bo’lgan talabni qondirishda rakrbatli sharoitlarni yaratish texnologik xususiyatlarga ko’ra mumkin bo’lmaydigan yoki iqtisodiy jihatdan maqbul bo’lmaydigan holat. Tabiiy monopoliyalar faoliyati ularning mamlakat iqtisodiyotida egallagan ahamiyatini hisobga olgan holda davlat tomonidan tartibga solinadi. Tabiiy monopoliya tarkibi turli mamlakatlarda turlicha. Keyingi yillarda ko’pchilik mamlakatlarda Tabiiy monopoliyalar doirasini qisqarib borishi kuzatilmoqda. O’zbekistonda Tabiiy monopoliya sohalari xalqaro amaliyotga nisbatan birmuncha kengroq. Ularning shakllanishi o’tish davrida iqtisodiyotni qayta qurish va boshqarish bo’yicha yuzaga kelgan tuzilmalar bilan bog’liq. O’zbekiston Respublikasining «Tabiiy monopoliyalar to’g’risida»gi (1997 yil 25 aprel; yangi tahrirda 1999 yil 19 avgust) qonuniga muvofiq O’zbekistonda quyidagi sohalarda Tabiiy monopoliya sub’yektlarining faoliyati davlat tomonidan tartibga solinadi: neft, neft va gaz kondensati, tabiiy gaz va ko’mir qazib chikarish, neft, neft mahsulotlari va gazni quvurlar orqali tashish, elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish. va uzatish, temir yo’llarda yuk va yo’lovchilar tashish, umumiy erkin foydalaniladigan elektr va pochta aloqasi xizmatlari, suv quvurlari va kanalizatsiya xizmatlari. Portlar va aeroportlar ko’rsatadigan xizmatlar ham Tabiiy monopoliyalar tizimiga kiritilgan. Tabiiy monopoliya sohalarida davlat iqtisodiy siyosatining eng ustuvor yo’nalishlaridan biri ularni tarkibiy jihatdan qaytadan tashkil etish, ya’ni Tabiiy monopoliyalarni yanada samarali faoliyat ko’rsatishiga yordam beruvchi bozor munosabatlari iziga ko’chirish hisoblanadi. Tabiiy monopoliya sub’yektlari faoliyatini O’zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo’mitasi nazorat qiladi.