TADRIJ
TADRIJ (Arabcha — bosqichma-bosqich ilgarilash, yuksalish) — mumtoz she’riyatdagi badiiy usullardan biri; she’rda, asosan, g’azallarda muayyan obraz (yoki tushuncha)ni o’xshatishlar vositasi bilan darajamadaraja rivojlantirib borishdan iborat. Tadrij ko’pincha musalsal (zanjir hosil qiluvchi, silsilali) va voqeaband (syujetli) g’azallarga xos bo’lib, bunda kitobxon ko’z o’ngida bir obraz, tushuncha yoki holatning o’xshatishlar silsilasi orqali ifodalangan mukammal badiiy tasviri namoyon bo’ladi. Masalan, Navoiyning: Yordin ayru ko’ngul mulke durur sultoni yo’q, Mulkkim sultoni yo’q, jisme durur kim, joni yo’q. bayti bilan boshlanadigan g’azalida yordan ajralgan ko’ngilning holati haqida so’z boradi. 1-misrada yordan ajralgan «ko’ngil» «sultonsiz mamlakat»ga o’xshatilsa, 2-misrada «sultonsiz mamlakat» «jonsiz jism»ga o’xshatiladi va h. O’xshatishlar g’azalning oxirigacha darajama-daraja rivojlantirib boriladi va mukammal kompozisiyani vujudga keltiradi: yordan ajralgan ko’ngil — sultonsiz mamlakat — jonsiz jism — gulu rayhonsiz kora tufrog’ — mahi tobonsiz qorong’u kecha… Navoiydan boshqa mumtoz shoirlar ijodida ham Tadrij asosida yaratilgan voqeaband va musalsal g’azallar uchraydi.