Taftazoniy

Taftazoniy (to’liq ismi Muhammad ibn Umar Sa’diddin at-Taftazoniy) (1322, Niso yaqinidagi Taftazon qishlog’i — 1392.12.8, Samarqand) — qomusiy olim. Taftazoniy qariyb 30 yil (1340 yildan 1372 yilgacha) davomida Hirot va Movarounnahrning turli shaharlaridagi madrasalarda falsafa va mantiqdan dars bergan. So’ngra Temur da’vatiga binoan Samarqandga kelib, saroyda xizmat qilgan va umrining oxirigacha shu saroyda yashab ijod bilan shug’ullangan. Taftazoniyning nazariy merosi o’rta asrlar fanining barcha sohalarini o’z ichiga olgan bo’lib, Qur’on tafsiridan boshqa asarlari Arab tilida yozilgan. Bu asarlardan 14-16-asrning 2-yarmigacha Movarounnahr va uning atrofidagi madrasalarda o’quv qo’llanmasi sifatida foydalanilgan. Mantiq, huquq, matematika, astronomiyaga doir asarlar yozgan. Bizgacha «Sharh alaqoid» (Abu Hafs Nasafiyning «Aqoid anNasafiy» asariga sharh) «Tahzib almantiq valkalom» («mantiq va kalomga sayqal berish»), «as-Sa’diya» (13-asr oxiri va 14-asr 1-yarmida yashagan Kotibiyning mantiqqa oid «ash-shamsiya» risolasiga yozilgan sharh), «al-mutavval» (nutq san’atiga oid «keng talqin»), «muxtasar almaoniy» (ritorikaga oid «qisqacha ma’nolar»), «alirshod alhodiy» (Arab tili grammatikasiga oid «yo’l boshlovchi rahbar»), «Maqosid attolibin» (falsafa va kalomga oid «tolibi ilmlarning maqsadlari»), «risola Fi zavoe almusallas» («uchburchakning burchaklari haqida risola») kabi asarlari yetib kelgan. Taftazoniy o’zidan oddin o’tgan mutafakkirlarning asarlariga turli sharhlar yozgan. Jumladan Naysaburiyning «Arifmetika haqida Quyoshiy risola» asariga 2 ta sharh yozgan: birinchisi — «Quyosh risola» (1389), ikkinchisi — «uchburchak burchaklari haqida risola» bo’lib, birinchisining geometrik qismini sharhlaydi. Ad.: Ma’naviyat yulduzlari, T., 2001. Sevara Saburova.