TAILAND

TAILAND (Thai), Tailand Qirolligi (Ratcha Anachak Thai, tailar tilida Pratet-Tai) — Janubiy Sharqiy Osiyoda, Hindixitoy yarim orolining Markaziy qismi va Malakka yarim orolining shimol qismida joylashgan davlat. Maydoni 514 ming kilometr kvadrat. Aholisi 62,4 million kishi (2002). Poytaxti — Bangkok shahri. Ma’muriy jihatdan 73 viloyat (changwad) ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Tailand — konstitutsiyali monarxiya. Amaldagi Konstitutsiyasi 1997 yil 27 sentabrda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — qirol (1946 yildan Pumipon Adulyadet). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Milliy Assambleya (2 palatali parlament), ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Hududining yarmi pasttekislik, qolgani deyarli tog’lik (Kxuntxan, Tanentaunji va boshqalar)dan iborat. Tailandning sharqini Korat platosi egallaydi. Foydali qazilmalardan qalay, volfram, rux, yonuvchi slanes, qo’rg’oshin, plavik shpat, temir, marganes rudalari, surma, barit, asil toshlar, qo’ng’ir kumir, kaliy va toshtuz, gaz, neft konlari bor. Iqlimi subekvatorial, mussonli. O’rtacha yillik temperatura tekislik va tog’oldi rayonlarida 22— 29°, qishda shimol tog’larda -10°, -15° gacha pasayadi. Yillik yog’in 1000— 2000 millimetr. Asosiy daryosi — Menamchaopraya (menam). Tailandning Sharqiy va qisman shimoliy Sharqiy chegarasida Mekong, g’arbiy chegarasida Saluin daryolari oqadi. Ping va Mun daryolari havzasida yirik suv ombori bor. Mamlakat hududining 60% ga yaqini o’rmon bilan qoplangan. Malakka yarim oroli va Korat platosining qizil va sariq laterit tuproqli yerlarida qalin, ko’p yarusli (50-60 metr balandlikdagi) subekvatorial nam o’rmonlar, shimoldagi qizil tuproqli yerlarda tropik o’rmonlar katta maydonni egallaydi. Janubda bambukzorlar, Korat platosida savanna va butazorlar, daryo vodiylaridagi o’tloqi tuproqlarda ham o’rmonlar bor. Hayvonot dunyosi xilma-xil: Tailand ramzi bo’lgan oq fil (aksariyati xonakilashtirilgan), odamsimon maymun (gibbon), lemur, Malayya ayig’i, qoplon, yo’lbars, to’ng’iz, Olmaxon, shimoldagi tog’larda kiyiklar bor. Qushlardan tustovuq, tovus, to’tiqush, yovvoyi tovuq va boshqalar, botqoqliklarda qarqara, siyom qiziltomoq turnasi uchraydi. Ilonning 100 ga yaqin, kaltakesakning 75 ga yaqin, kapalakning 500 ga yaqin turi bor. Daryolarida baliq, timsoh ko’p. Kxauyay, Txungsalengluay va boshqa milliy bog’lari, ko’pgina qo’riqxonalar bor. Aholisining 3/4 qismini tay guruqiga mansub xalqlar (siyom yoki kxontay va boshqalar), 1/5 qismini laolar tashkil etadi. Mamlakat Janubda malayyalar, g’arbi va Janubi g’arbida karenlar, monlar, Janubi Sharqda kxmerlar yashaydi. Rasmiy til — tay tili. Rasmiy din — buddaviylik. Malayyalar Islomga, xitoylar budda va daosizmga e’tiqod qiladi. Katolik va protestantlar ham bor. Shahar aholisi — 18,3%. Yirik shaharlari, Bangkok, Chiangmay, Chonburi. Tarixi. Tailand hududida odam paleolit davridan yashaydi. Milodiy 1-2-asrlarda monlarning dastlabki davlati vujudga kelgan. 13-asrda shimoldan kelgan tay qabilalari monlar bilan qo’shilib ketgan; birinchi yirik Tai davlati — Sukotai barpo etilgan (1238). 1350 yilda asos solingan Ayutiya (Siyom) qirolligi uning o’rnini egallagan. 16 va 18-asrlarda Siyom Birma bilan urush olib borgan va biroz vaqt unga tobe bo’lib qolgan. Ozodlik kurashiga 16-asrda Naresuan, 18-asrda Taksin boshchilik qilgan. 19-asr o’rtalarida Siyom Buyuk Britaniya, Frantsiya, AQSh bilan teng huquqli bo’lmagan bitimlar tuzgan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida yer islohoti va boshqa islohotlar o’tkazgan. 1932 yil davlat to’ntarishi natijasida konstitusiyali monarxiya e’lon qilingan. 1939 yil mamlakat Tailand deb yuritila boshladi. 1940 yil Tailand bilan Yaponiya o’rtasida do’stlik va o’zaro hamkorlik to’g’risida bitim imzolandi. 1942 yil yanvarda Tailand AQSh va Buyuk Britaniyaga urush e’lon qildi. 1943 yilga kelib mamlakat amalda Yaponiya tomonidan okkupatsiya qilindi. Tailandda ozodlik kurashi kuchaydi. «Ozod tay» ommaviy yashirin harakati tashkil topdi. 1945 yil 19 avgustda Tailand Yaponiyaga karshi urushayotgan koalitsiya davlatlariga sulh taklif etdi. Urushdan keyingi yillarda mamlakatda bir necha marta harbiy to’ntarish bo’lib, notinchlik hukm surdi, hukumatlar almashinib turdi. 1991 yilgi harbiy to’ntarish (1932 yildan buyon 17 to’ntarish)dan so’ng Jamoat tartibini saklash milliy kengashi hokimiyat tepasiga chiqdi. Tailand — 1946 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 5 dekabr — qirol tug’ilgan kun (1927). O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1991 yil 26 dekabrda tan olgan va 1992 yil 6 mayda diplomatiya munosabatlarini o’rnatgan. Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Demokratik partiya (Prachatipat), 1946 yil asos solingan; Xalq partiyasi (Ratsadon), 1986 yil tuzilgan; ma’naviy kuch partiyasi (Palang tam), 1988 yil tashkil etilgan; Milliy taraqqiyot partiyasi (Chat Pattana), 1991 yil asos solingan; yangi umid partiyasi (Vang may), 1990 yil tuzilgan; birdamlik partiyasi (Ekkapap), 1989 tashkil etilgan; Adolat va ozodlik partiyasi (Seritxam), 1992 yil asos solingan; tay milliy partiyasi (chat tay), 1974 yil sobiq hukmron Tailand xalqi Birlashgan partiyasi asosida tashkil etilgan. Tailand mehnat Kongressi, 1975 yil tuzilgan; Tay kasaba uyushmalari Kongressi, 1982 yil tashkil etilgan. Xo’jaligi. Tailand rivojlangan agrarindustrial mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq, o’rmon xo’jaligi va baliqchilikning ulushi 12%, sanoatning ulushi 39%, xizmat ko’rsatish sohasining ulushi — 49%. Qishloq xo’jaligi. Mamlakat hududining 38% ishlanadi, shundan 1/5 qismi (2,6 million gektar) sug’oriladi. Asosiy dehqonchilik yerlari menam vodiysi va Korat platosida joylashgan. Sholi, makkajo’xori, tapioka, shakarqamish, dukkaklilar, tariq, batat, yer yong’oq, kanakunjut, choy, kofe, kanop, kokos palmasi, paxta, tamaki, ziravorlar, tsitrus mevalar, Mango, ananas va boshqalar yetishtiriladi. Kauchuk olinadigan daraxtzorlar bor, pillachilik va sabzavotchilik rivojlangan. Chorvachiligida qoramol, fil, cho’chqa, parranda boqiladi. Ichki suv havzalari va dengizlarda baliq ovlanadi. O’rmonlarda qimmatbaho tur daraxtlar (tik, Yang, sal, eben, sandal va qizil daraxt) tayyorlanadi. Sanoati. Mineral xom ashyo zaxiralari negizida konchilik rivojlangan. Qalay, qo’rg’oshinrux, volfram va marganes rudalari, neft, plavik shpat, asbest, qimmatbaho toshlar qazib olinadi va qisman qayta ishlanadi. Ishlab chiqarish. sanoatining asosiy tarmoqlari: oziq-ovqat (sholi oklash, kokos moyi, kandshakar ishlab chiqarish. va boshqalar) va to’qimachilik (jutdan kanop yigirish va to’qish). Yog’ochsozlik sanoati va kauchukni dastlabki kayta ishlash korxonalari bor. Asosan import xom ashyo va chala tayyor mahsulotlar negizida neftni qayta ishlash, kimyo, tsement, qog’oz, metallurgiya, metallsozlik, avtomobil yig’uv va b. korxonalar ishlaydi. Yiliga o’rtacha 74 milliard kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Hunarmandchilik rivojlangan. Asosiy sanoat markazlari: Bangkok, Chiangmay. Temir yo’l uzunligi — 4 ming kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi — 62 ming kilometr. Daryo va dengiz transporti rivojlangan. Dengiz portlari: Bangkok, Pxuket, Sattaxin. Bangkokda xalkaro aeroport bor. Tailand guruch, tapioka, kauchuk, qandshakar, qalay va boshqa metall rudalari, asil toshlar, gazlama eksport qiladi. Chetdan neft va neft mahsulotlari, mashina va uskunalar, kimyoviy moddalar, qora metall va iste’mol mollari sotib oladi. Yaponiya, AQSh, Singapur, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan savdo qiladi. Tailand bilan O’zbekiston Respublikasining 2002 yilgi tovar aylanmasi 7,1 million AQSh dollarini tashkil qildi. Pul birligi — BAT. Tibbiy xizmati. Tailandda davlat tibbiy muassasalari bilan bir qatorda xususiy shifoxonalar xam bor. Vrachlar 4 ta oliy tibbiyot maktabida tayyorlanadi. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. 7 yoshdan 15 yoshgacha bo’lgan bolalarga majburiy bepul ta’lim joriy qilingan. 1977 yildan umumiy ta’lim maktabining yangi tizimi qabul etilgan: boshlang’ich maktab 6 yil, o’rta maktab 6 yil. Darslar tay tilida olib boriladi. Xususiy maktablar ham bor. Tailandda 13 universitet, jumladan, Bangkokdagi Chulalongkorn (1917), Tammasart (1933), Kasetsart (1943) universitetlari, Chiangmay shahrida universitet, bir qancha institut va kollej bor. Ilmiy muassasalari: Bangkokda Siyom ilmiy jamiyati, universitetlar huzuridagi ilmiy tadqiqot markazlari, qishloq xo’jaligi, ekologiya va boshqa ilmiy tadqiqot institutlari. Ayrim ilmiy ishlar xorijiy va xalqaro jam/armalar tomonidan pul bilan ta’minlanadi. Bangkokda Milliy kutubxona (1905), Tammasart va Chulalongkorn untlarining kutubxonalari, Milliy muzey bor. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Tailandda tay, Xitoy, ingliz tillarida o’nlab gazeta va jurnalilar nashr etiladi, muhimlari: «Bangkok post» («Bangkok pochtasi», ingliz tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1946 yildan), «Deyli Nyus» («kundalik yangiliklar», ingliz tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1964 yildan), «Neyshn» («millat», ingliz tilida chikadigan kundalik gazeta, 1971 yildan), «Siam rat» («Siyom mamlakati», tay tilida chiqadigan kundalik kechki gazeta, 1950 yildan), «Siamrat uikli revyu» («Siyom mamlakatining xafta yangiliklari», tay tilida chiqadigan haftalik), «Sinsyan jibao» («Yangiliklar», Xitoy tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1946 yildan), «Tai rat» («tay davlati», tay tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1956 yildan). Tailand axborot agentligi (TNA) — milliy axborot Mahkamasi, 1977 yil tuzilgan. Radioeshittirish 1938 yildan, teleko’rsatuv 1955 yildan boshlangan. Tailand milliy radioeshittirish xizmati va Tailand televideniesi hukumat nazoratida. Adabiyoti. Tay og’zaki va yozma ijodiyotining dastlabki yodgorliklari 13-asr oxiriga oid. Ular toshlarga yozilgan yilnomalardan iborat. Mustaqil badiiy ijodiyot tarzidagi adabiyot o’rta asrlarda yuzaga keldi. Bu davr adabiyoti hind adabiyotining ta’sirida rivojlandi. Buddaviylikning ijtimoiy hayotdagi hukmronligi adabiyotda ham o’z aksini topdi. Hukmdorlarni ta’riflovchi madxiyalar va diniy rivoyatlar asosiy o’rin oldi. 18-asr oxirida dunyoviy mavzuga burilish boshlandi. Dastlabki nasriy asarlar yaratildi («Rachatirat», 1785 va «Uch Qirollik hukmronligi», 1802). 19-asr o’rtalarida adabiy asarlar tilini xalqqa yaqinlashtirish va taqdidgo’ylikdan voz kechib, milliy adabiyotni kamol toptirish harakati boshlandi. Sunton Pu ijodi bunga misol bo’ladi. 20-asrning 20—30 yillarida realistik yo’nalish yuzaga keldi, shu ruhdagi hikoya, qissa, romanlar paydo bo’ldi. 2-jahon urushidan keyin adabiyotda oilaviy turmush mavzui ustunlik qila boshladi. Siburapning «Kelajakka tik boqib» (1955), Sena Sauvapongning «Iblis» (1957) romanlari, Suvat Varadilok va Lao Kxamxomning hikoyalarida o’tkir ijtimoiy muammolar ko’tarildi. Akat Damkeng, Luang Vichit Vatakan, Malay Chupinit, Makat Tyanrayong, Adiba Dokmaysot va boshqa insonning ahvolruhiyatidagi ziddiyatlarni ifodalovchi asarlar yozishdi. Me’morligi va tasviriy san’ati. Tailand hududida milodning dastlabki asrlaridan monlarga, biroz keyingi davrdan Kxmerlarga mansub ibodatxonalar (Lampxun va Chiangmayda) saqlangan. 13-asrdan buddaviylik ruhidagi milliy san’at shakllandi. Shu davrda diniy majmualarning taylarga xos tipi — «vata» vujudga keldi. Savankxalokdagi Chang Lom (13-asr), Sukotaidagi Maxatat (Sukxotxay, 1345) «vata» ibodatxonalari shu jumlaga kiradi. Siyom davlati ravnaq topgan davr (14-19-asrlar)da to’g’ri burchakli rejalar asosida shaharlar barpo etildi, atrofi g’isht devor bilan o’raldi, Bangkok, Ayutiya va boshqa shaharlarda murakkab shaklli «vata» va saroylar qurilib, rang-barang koshin va rasmlar bilan o’ymakorlik usulida ziynatlandi. Shuningdek, Bangkokda qirol Chakri sulolasi katta saroyi (18-asr), Rajabopit ibodatxonasi (18-asr o’rtalari), Bengamabopit marmar ibodatxonasi (1900) yaratildi. 19-asr oxiridan zamonaviy yevropacha va amerikacha uslubdagi bank, mehmonxona, ma’muriy binolar kurila boshladi. 1950-70 yillarda mehmonxona, bank, zamonaviy ma’muriy binolar qurish yanada avj oldi. Neolit va jez davrlaridan Kvay daryosi vodiysida dahmalarga qoplangan sopollar, qoyalarga ishlangan rasmlar, milodning dastlabki asrlaridagi Buddaning mahobatli haykallari saqlangan. Milliy san’at 13-asrdan shakllana boshladi. 14-19-asrlarda haykaltaroshlik ravnaq topdi. 19-asr oxiridan Yevropa va Amerika san’atining ta’siri sezildi. 20-asrning 2-yarmida ilg’or san’atkorlar (rassomlardan Fua Xarabitak, Tavi Nandakvan, haykaltarosh X’en Yimsari, grafik manita Pu ari) zamonaviy an’analarga ergashgan holda milliy san’at an’analarini ham saqlab qolishga intildilar. Amaliy bezak san’atining har xil turlari: lokli rangtasvir, charmdo’zlik, yog’och o’ymakorligi, kandakorlik, badiiy to’quvchilik rivojlangan. Musiqasi. Tailandda diniy marosim va bayramlar, to’y, farzand tug’ilishi va b. qadimdan qo’shiq va musiqa bilan nishonlanadi. Fong si deb atalgan tarixiy balladalar keng yoyilgan. To’y qo’shiqlari xat Lion janri tarkibiga kiradi. Musiqiy cholg’u asboblari xilma-xil: 2 torli skripka (Sau Duong va Sau o), 3 torli skripka (Sau Sam say), 3 torli ud (Syoung), tsitra (kxim), fleyta (kxliy), damli nay (pinay), barabanlar (txon, ramana, kxlong), gonglar, ksilofon (rapadek) va boshqalar. 19-asr oxirida yevropacha musiqa va cholg’u asboblari kirib kela boshladi. 20-asrning 50-yillaridan milliy musiqiy madaniyatni yuksaltirish harakati boshlandi. Zamonaviy kompozitorlardan Montri Tramote, Naris, xonandalardan U. Sukantxamalai, T. Aylin, cholg’uchilardan T. Konglaitong, N. Tayminlar mashhur. Teatri va kinosi. Tailandning mumtoz teatri hindlarning «Ramayana» eposidan boshlangan. 15-asrda taylar bu asarning «Ramakiyan» deb atalgan varianti asosida kon, nang, Lakon tomoshalarini yaratdilar. Kon — niqobli pantomima teatri bo’lib, barcha rollarni erkaklar ijro etadi. Niqoblarda qahramonlarning qiyofasi tasvirlangan bo’ladi (och ko’k rang — Rama, oq rang — Xonuman va hokazolar). Aktyorlar gapirmaydi, matn sahna orqasidan o’qib turiladi. Tomoshalar orkestr va qo’shiqchilar jo’rligida olib boriladi. Nang — fonus teatri. Ishtirokchilarning gavdalari buyvol terisidan qora va rangdor qilib yasaladi. Tomosha paytida aktyorlar ishtirokchilarning harakatini qiroat bilan tushuntirib boradilar. Aksariyat hollarda turmushdan olingan sahnalar ko’rsatiladi. Lakon — taylarning mumtoz dramasi bo’lib, undagi matnni aktyorlarning o’zi gapiradi. Kichik xor esa voqealarni izohlaydi, qahramonlarga ta’rif beradi. Bu teatrda raqs asosiy o’rinda bo’ladi. Lakonning like va Nora turlari hozirgi zamon tomoshalarida yashab kelmoqda. Tailandda doimiy teatr yo’q. Nafis san’at departamenta huzurida havaskorlar truppasi tashkil etilgan. Tailandda har yili 50-70 badiiy film yaratiladi. «Sher na’rasi» (rejissyor S. Jaruchino) va «qurollangan kishi» (rejissyor Yu. Chatri) filmlari shu jumlaga kiradi.