TALAB VA TAKLIF

TALAB VA TAKLIF — bozor iqtisodiyotining fundamental tushunchalari. Talab (tovarlar va xizmatlarga talab) — xaridor, iste’molchining bozorda muayyan tovarlarni, ne’matlarni sotib olish istagi; bozorga chiqqan va pul imkoniyatlari bilan ta’minlangan ehtiyojlari. Ehtiyoj pul va narx vositasida talabga aylanadi. Rasman olganda talab iste’mol kattaligi miqdoridir. Tovarlar dunyosidagi xilma-xillikka mos ravishda talab hosil bo’ladi. Masalan, oziq-ovqat tovarlari, sanoat mollari, maishiy va ijtimoiy xizmatlarga bo’lgan talablar tovarlarga talab tuzilmasini tashkil etadi. Mazmuni va harakati jihatidan haqiqiy, o’sayotgan, barqaror qondirilgan, qondirilishi kechiktirilgan, qondirilmagan, me’yordagi va boshqa talablarga bo’linadi. Har bir iste’molchining, ya’ni alohida shaxs, oila, korxona, firmaning biror tovar to’plamiga yoki tovarlarga bildirilgan talablari yakka talab deyiladi. Muayyan tovarga yoki tovarlar to’plamiga barcha xaridorlar bildirgan talab yig’indisi bozor talabi , barcha bozorlarda barcha tovarlarga jamiyat miqiyosida bildirilgan ijtimoiy talab yalpi talab deyiladi. Talab miqdorining o’zgarishiga bir qancha omillar ta’sir qiladi. Ularning orasida eng muximi narx omilidir. Tovar narxining pasayishi sotib olinadigan tovar mikdorining o’sishi va aksincha, narxning o’sishi xarid miqdorining kamayishiga olib keladi. Taklif — muayyan vaqtda va muayyan narxlar bilan bozorga chiqarilgan va chiqarilishi mumkin bo’lgan tovarlar va xizmatlar miqdori bilan ifoda etiladi; taklif ishlab chiqaruvchi (sotuvchi) larning o’z tovarlarini sotishga (bozorga) taklif etish istagi. Bozorda Tovar narxi bilan uning taklifi miqdori o’rtasida bevosita bog’liqlik mavjud: narx qanchalik yuqori bo’lsa, boshqa sharoitlar o’zgarmagan hollarda, sotish uchun shuncha ko’proq tovar taklif etiladi, yoki aksincha, narx pasayishi bilan taklif hajmi qisqaradi. Masalan, 10 so’m narxda 3 tovar birligi taklif etiladi, agar narx 15 so’mga ko’tarilsa, taklif hajmi 5 birlikka qadar ko’payadi, agar narx 20 so’mga etsa, taklif hajmi 6 birlikka etadi. Shunday qilib, taklif miqdorining o’zgarishlari taklif egri chizig’ida bir nuqtadan ikkinchisiga ko’chishida o’z ifodasini topadi. Egri chiziqning ijobiy og’ishi tovar narxi bilan uning taklifi miqdori o’rtasidagi bevosita bog’liqdikni aks ettiradi. Tovar taklifiga, tovarning o’z narxidan tashqari bir qator omillar: shu tovarni ishlab chiqarish. zarur bo’lgan resurslar narxlari; qo’llaniladigan texnologiya; soliqlar va dotatsiyalar; taqchillik yoki narxlar o’zgarishlarini kutish; bozordagi sotuvchilar soni va boshqa ta’sir ko’rsatadi. Masalan, resursarning arzonlashuvi muayyan tovarni ishlab chikarish xarajatlarini kamaytiradi, bu esa uning taklifi o’sishini ta’minlaydi. Taklifning o’ziga ta’sir ko’rsatadigan omillar o’zgarishlariga, birinchi navbatda, narx o’zgarishlariga sezgirligi taklif elastikligi deb ataladi. Talab va taklifning tub mazmuni ularning narx orqali o’zaro aloqadorlikda mavjud bo’lishidir. Bu aloqadorlik — talab va taklif qonuni bozor iqtisodiyotining ob’yektiv qonuni hisoblanadi. Talab va taklif qonuniga ko’ra bozordagi taklif va talab faqat miqdoran emas, balki o’zining tarkibi jihatidan ham bir-biriga mos kelishi kerak, shundagina bozor muvozanatiga erishiladi. Bu qonun ayirboshlash qonuni bo’lib, bozorni boshqaruvchi va tartiblovchi kuch darajasiga ko’tariladi. Unga ko’ra bozordagi talab o’zgarishlari darhol ishlab chiqarishga yetkazilishi kerak. Bozordagi Talab va taklif nisbatiga qarab ishlab chiqarish sur’atlar va tuzilmasi tashkil topadi. Jamiyat bu qonundan bozor muvozanatiga aloqador omillarga ta’sir etish orkali foydalanadi. Talab va taklif qonunning nazariy asoslari dastlab A. Marshall asarlarida ifodalab berilgan. Ad.: Shodmonov Sh. va b., Iqtisodiyot nazariyasi, T., 2003; Tojiboeva D., Iqgisodiyot nazariyasi, T., 2003. Ahmadjon O’lmasov, Muxtor Rasulov.