TALABA

TALABA (Arabcha — izlovchi, o’rganuvchi), student — O’zbekistonda oliy o’quv yurti, AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa ayrim mamlakatlarda oliy va o’rta maxsus o’quv yurti o’quvchisi. O’zbekistonda Talabadan farkdi ravishda mamlakatdagi o’rta maxsus ta’lim maskanlarida tahsil olayotgan yoshlar o’quvchi, oliy harbiy o’quv yurtlarida bilim olayotganlar tinglovchi, o’rta harbiy o’quv yurtlarida o’qiyotganlar kursant deyiladi. Turkistonda Islom dini yoyilgach (7— 8-asr), boshlang’ich maktabdan so’ng bilim olish bilan mashg’ul bo’lgan har bir kishi Talaba hisoblangan. Madrasalar paydo bo’lgan 10-asrlardan ularda tahsil olayotgan kishilargina Talaba deyila boshlagan. Yevropada 11-13-asrlarda untlar tashkil topgandan so’ng, ularda faoliyat ko’rsatadigan har bir odam, ya’ni saboq beruvchi ham, saboq oluvchi ham student deb atalgan. Keyinchalik universitetlarda o’qituvchilar uchun magistr, professor va boshqa ilmiy unvonlar joriy etilgach, faqat saboq oladigan kishilargina student deb yuritiladigan bo’lgan. Talaba jamiyat taraqqiyotiga jiddiy ta’sir ko’rsatadi va, ayni vaqtda, har bir mamlakat ilmiy-intellektual salohiyatining darajasini bildirib, rivojlanish istiqbollarini belgilab beradi. Chunki mamlakat iqtisodi va madaniyatining yuksalishi, xalq xo’jaligiga ilmfan yutuqlari joriy etilishi uchun oliy maktablarning Talabalari chuqur nazariy bilim hamda amaliy ko’nikmalarga ega bo’lishlari lozim. Shuning uchun ham rivojlangan mamlakatlarda aholi jon boshiga Talaba soni ko’p bo’ladi. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, mamlakatda Talabalar miqdori sezilarli darajada ortdi. Mamlakatimizda umumiy o’rta ta’lim maktabi hamda akademik litsey va kasb-hunar kollejini bitirgan har bir kishining Talaba bo’lishiga haqqi bor. Talaba davlat hisobidan, shuningdek, shartnoma asosida o’z yonidan tahsil ko’rishi mumkin. Mamlakatimizda Talabalar bakalavriat va magistratura singari 2 bosqichda oliy ta’lim oladilar. Talaba har bir mamlakatning ijtimoiy jihatdan eng faol, harakatchan, jonkuyar qismi hisoblanadi. Bevosita ilmfanni o’zlashtirish bilan mashg’ulliqlari uchun Talabalar jamiyatning intellektual ilg’or qatlami sanaladi. Shuning uchun ham Talabalarning chuqur kasbiy hamda ma’naviy-axloqiy tayyorgarlikka ega bo’lishiga katta e’tibor qilinadi. O’zbekistonda Talaba yoshlarning mamlakat xayotida faol ishtirok etishlarini ta’minlash, milliy istiqlol g’oyasini to’liq egallab olishlariga imkoniyat yaratish borasida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatida qatnashish Talabalarning vatanparvar shaxs sifatida shakllanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatmoqsa. Bundan tashqari, O’zbekistonda Talabalarni ijtimoiy jihatdan himoya qilish uchun ularning barchasiga stipendiya beriladi, yashash joyiga muhtoj Talabalar yotoq bilan ta’minlanadi, yoshlarga turli ilmiy, badiiy va sport to’garaklarida ishtirok etish imkoniyatlari yaratilgan. Talabalar o’rtasida har 2 yilda 1 marta Universiadalar o’tkazib turilishi ularning jismonan sog’lom, ma’naviy jihatdan barkamol bo’lib o’sishlariga ma’lum darajada yordam beradi. 2002/03 o’quv yili O’zbekistondagi oliy o’quv yurtlarida 232254 Talaba ta’lim oldi. Qozoqboy Yo’ldoshev.