TALIQON
TALIQON, Toliqon, talqon o’rta asrlarda shimoliy Afg’onistondagi qadimgi shahar va viloyat. Taliqon o’rta asrlarda Toxaristonning poytaxti bo’lsada, Balxdan 3 marta kichik edi. Taliqon Qunduzdan Sharqda, Qunduzdaryo irmog’i Taliqon daryosi bo’yida joylashgan. Taliqon mustahkam istehkomli, savdo yo’llari kesishgan yerda joylashgani uchun obod va boy shahar hisoblangan. O’rta asrlarda uni, shuningdek, «Xuroson Taliqoni» deb ham atashgan, chunki ayni vaqtda bu nomdagi yana 2 shahar Qazvin va Rey viloyatlarida ham bo’lgan. Mahmud ibn Valmning yozishicha, Maymana viloyatidagi shahar ham Taliqon deb atalgan. Firdavsiyning «Shohnoma»sida Taliqon shahri Afrosiyob podsholigi davri voqealari munosabati bilan qayd etilgan. Qadimda Taliqon atrofida chegara, tosh minorasi bo’lgan, uni sosoniylar shohi Varaxran V (421-438 y.larda hukmronlik qilgan) bunyod etgan. Arablar istilosi arafasida Taliqon alohida bir mulk bo’lib, uni Sahrak yoki Suhrob nomli shoh idora etgan. 10-asrda Taliqon shaqri Guzganon viloyati shohiga tobe bo’lgan. 12-asrda Taliqon manbalarda yana Xurosonning alohida viloyati tarzida qayd etilgan va unga bir qancha shahar va qishloqlar qaragan. Taliqon qal’asi o’rta asrlarda Mansurko’h yoki Nusratko’h deb nomlangan. U juda mustahkam bo’lib, 13-asrda Chingizxon qo’shinlari uni kuch bilan egallay olmay, 7 oy qamal qilib olishga majbur bo’lishgan. Amir Temur va Temuriylar davrida Taliqon dastlab Pirmuhammad ibn Jahongir mulki, so’ngra Shohrux davrida uning o’g’li Ibrohim Sultonga tegishli bo’lgan. 16- asr oxirida Taliqonni temuriy Sulton Maxmud Mirzo va Xisravshohning noiblari idora etishgan. 1503-04 yillarda Toxariston va Badaxshonning katta qismini Shayboniyxon qo’shinlari bosib olganda bu viloyatlar Shayboniyxonning ukasi Mahmud Sultonga in’om etilgan. Shayboniyxon o’limidan so’ng (1510) Toxariston va Badaxshonning katta qismi yana Temuriylar (Mirzaxon o’g’li Sulaymonshoh) tasarrufida bo’lgan. Biroq uning nabirasi va vorisi Shohrux Mirzo davrida Taliqon Badaxshon shohlaridan Shoh Imod kuliga o’tgan. 1584 yil Taliqonga Shayboniylar qo’shini kelib shahar Mahmud Sulton ibn Sulaymon sultonga qaragan. U, o’z navbatida, Shayboniylarning Balxdagi noibi Abdulmo’min Sultonga tobe bo’lgan. Taliqon viloyat markazi maqomini Ashtarxoniylar davrida ham saqlab qolgan. 18-asrning 1-yarmida Taliqon yoriylar sulolasidan Mir Sultonshoh tasarrufiga o’tgan. 18-asr o’rtalaridan Afg’oniston tarkibida. Ad.:Axmedov B., Istoriya Balxa, T., 19S2; Kamoliddinov Sh.S., Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toxaristana po araboyazo’chno’m istochnikam IX — nachalo XIII vv., T., 1996. Shamsiddin Kamoliddinov.