TALOQ

TALOQ — odam va umurtqali hayvonlarning qorin bo’shlig’idagi toq parenximatoz organ. Asosiy qon rezervuarlaridan biri (qon «depo»si); qon yaratilishi, moddalar almashinuvida ishtirok etadi; immunobiologik va himoya funktsiyasini bajaradi — antitelolar ishlab chiqaradi, bakteriya va toksinlarni tutib qolib, zararsizlantiradi, yashab bitgan eritrosit va trombositlarni emiradi. Qonning hosil bo’lishi, buzilishi, qayta taqsimlanishida va organizmning himoya reaktsiyalarida qatnashadi. Taloq hamma umurtqali hayvonlarda bor. To’garak og’izlilar, ba’zi ikki xil nafas oluvchi baliqlar ichagi, oshqozoni yoki o’rta ichak shilliq qavat burmalari devorida limfoid to’qimalar to’plami bo’lib, bu Taloq vazifasini bajaradi. Qolgan umurtqali hayvonlar talog’i ichakdan alohida bo’lib, orqa ichaktutgich, oshqozon yoki to’g’ri ichakning boshlanish qismida joylashadi. Sudralib yuruvchilar (gatteriyalardan tashqari) hamda qushlarda rudimentlashgan. Taloq bo’lak-bo’lak yoki parraksimon bo’ladi. Odamda Taloq embrional hayotning birinchi oyida me’daning dorzalb tutqichi ichida to’plangan mezenxima to’qimasidan rivojlanadi. Taloq uzunchoq oval shaklli, uzunligi 12 santimetr, kengligi 7— 8 santimetr, og’irligi 150-200 gramm. Lekin Taloqning hajmi va og’irligi individual bo’lib, organizmning fiziologik holatiga bog’liq holda juda o’zgarib turadi. Masalan, tinch holatda Taloq kengaygan, qon yo’qotilganda esa siqiq bo’ladi. Bir tomoni qabariq (diafragmal), ikkinchi tomoni botiq (ichki) bo’lib, chap biqinning 9,11 qovurg’a sohalariga joylashgan. Tashqi tomondan seroz parda va biriktiruvchi to’qima kapsulasi bilan qoplangan. Kapsuladan Taloq ichiga devorlar yoki trabekulalar tarqaladi. Trabekulalar Taloqni oq va qizil pulpa bilan to’la alohida bo’lakchalarga bo’ladi. Qizil pulpa qonning shaklli elementlari (eritrositlar)ga boy vena sinuslaridan tashkil topgan. Oq pulpa esa limfositlar ishlab chiqaradigan limfa to’qimalaridan tuzilgan; ular malpigi tanachalari deb ataladi. Taloq kasallanganda (masalan, splenomegaliya) ancha kattalashadi.

TALOQ (Arabcha — qo’yib yubormoq, ajralmoq) — shariatga ko’ra nikohning bekor qilinishi. Er tomonidan shu so’zning aytilishi xotinni barcha xotinlik majburiyatidan to’la ozod qiladi. Bu holatda erning xotinga bergan mol—mulk (mahr)i xotinda qoladi, er xotinni idda muddati o’tguncha moddiy ta’minlab turishi kerak. Shariatda ikkinchi Taloqdan keyin ham er-xotinni qaytadan yarashtirishga ruxsat etiladi (Qur’on, 2:229). Uchinchi marta Taloqdan keyin esa shariat bunga yo’l qo’ymaydi. Taloq qilingan xotin boshqa erga chiqishi uchun belgilangan idda muddatini o’tashi kerak. Islom huquqida ayol ham Taloq talab qilishi rasman e’tirof etiladi. O’zbekiston Respublikasida er bilan xotin ajralishi oila kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Ad.: Hidoya (1J.), T., 2000; muxtasar, T., 1994.