TAN OLISH

TAN OLISH, xalqaro huquqiy tan olish — yangi davlatlar yoki hukumatlar yoxud boshqa organlarni mavjud davlatlar tomonidan xalqaro huquqqa muvofiq tan olish; bu hol ana shu davlatlar yoki hukumatlar yoxud boshka organlar bilan rasmiy yoki norasmiy, to’la yoki qisman, doimiy yoki vaqtinchalik munosabatlar o’rnatish imkonini beradi. Xalqaro huquqiy Tan olishning turli ko’rinishlari bor: davlatni Tan olish, hukumatni Tan olish, qo’zg’olon ko’targan tomonni Tan olish, milliy ozodlik organlarini Tan olish, qarshilik ko’rsatish organlarini Tan olish va boshqalar. Hozirgi diplomatiya amaliyotida u yo bu mamlakat hukumatlari bilan mavjud davlatning yangi hukumati yoxud yangi paydo bo’lgan davlat hukumati bilan diplomatik munosabatlar o’rnatish yoki diplomatik munosabat o’rnatishga rozilik berish bunday Tan olishning keng tarkalgan shakli hisoblanadi. Xalqaro huquqiy Tan olishning asosiy shakllari deyure va defaktoinr. Bironbir shartlarsiz rasman Tan olish to’g’risida, deyure va defakto Tan olish to’g’risida, diplomatik munosabatlar o’rnatish yoki bunday munosabatlar o’rnatishga rozi bo’lish to’g’risida bayonot berish rasmiy tan olish hisoblanadi. Muayyan mamlakat hukumatining boshqa mamlakatning rasmiy tan olinmagan qukumati bilan aloqa o’rnatishi, bir-birini tan olmaydigan davlatlarning xalqaro anjumanlar yoki xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlik qilishi norasmiy Tan olishni bildiradi. Mustaqillikni qo’lga kiritgan O’zbekiston Respublikasini jahonning 160 dan ortiq davlati tan oldi. Mamlakatimiz bilan 120 dan ortiq davlat diplomatik aloqa o’rnatgan.