TARG’ITOY

TARG’ITOY — skiflarning afsonaviy bobokaloni. Gerodotning yozishiga ko’ra, skiflar mamlakati qadimda kimsasiz bo’lib, dastlabki inson Targ’itoy bo’lgan. Rivoyatlarga ko’ra, Targ’itoyning otasi yunonlarning bosh xudosi Zevs, onasi Borisfen (Dnepr) daryosi ma’budasi bo’lgan. Bu rivoyatga Gerodotning o’zi ham shubha bilan yondashgan. Targ’itoyning 3 o’g’li: Lipoqsoy, Arpoqsoy va Qoloqsoy bor edi. Ularning Podshohligi davrida skiflar eriga osmondan oltin buyumlar: omoch, bo’yinturuq, oybolta va qadah tushgan. Bu buyumlarni dastlab katta o’g’li ko’rgan. U borib buyumlarni ko’tarish uchun engashganda oltin buyumlar alanga olgan. Shundan so’ng katta o’g’il chekinib, o’rtancha o’g’il yaqinlashgan. Oltin buyumlarni yana alanga chulg’ab olgan va uning issiq tafti ikki akaukani tisarilishga majbur etgan. Shunda 3-kenja o’g’il yaqinlashgan, alanga o’chib qolgan va u oltin buyumlarni o’z uyiga olib kirgan. Shuning uchun akalari podsholikni unga berishga rozi bulishgan. Targ’itoy ismi o’rta asrlarda Dashti Qipchoq aholisi urtasida Targ’utoy, Tarqutoy, shaklida xam keng tarqalgan («Shajarayi turk»).