Tarixiy geografiya
Tarixiy geografiya — tarix va geografiyaning tarmog`i. Tarixiy geografiya biror mamlakat yoki hududning tarixiy davr mobaynidagi (ko`pincha uning muayyan bosqichidagi) tabiiy, iqtisodiy, siyosiy geografiya va aholi geografiyasidir. Shunga ko`ra tarixiy geografiya tarixiy tabiiy geografiya, tarixiy iqtisodiy geografiya, tarixiy siyosiy geografiya va tarixiy aholi geografiyasiga bo`linadi. Tarixiy geografiya — tarixiy o`tmish geografiyasidir. Tarixiy davr mobaynida tabiat bilan insonning o`zaro munosabati, geografik muhitning jamiyat taraqqiyotiga ta’siri, inson o`z faoliyatida tabiatdan qanday foydalanib kelganligi, turli shahar hamda mamlakatlarning geografik o`rni mavqeining o`zgarishi kabi masalalar tarixiy geografiyaning asosiy masalalaridir. Tarixiy geografik tadqiqotlarda turli davrlarda yaratilgan qo`lyozma va adabiy manbalardan, arxeologiya, toponimika, tilshunoslik materiallaridan, shuningdek statistik va iqtisodiy ma’lumotlardan keng foydalaniladi.