TARKIBBAND
TARKIBBAND (Arabcha — tuzilish, band) — bir vaznda yozilib, g’azal tarzida (taxallussiz) qofiyalanadigan, har banddagi baytlar soni teng bo’lgan, har band oxirida bir bayt alohida qofiyalanib keladigan she’r shakli. Lekin takrorlanib turuvchi baytlar saklansada, bandlar miqdori turli shoirlarda turlicha. Tarkibband murakkab tuzilishga ega bo’lib, shoirdan alohida mahorat va tajriba talab etadi. Tarkibband fors-tojik adabiyotida 9-11, o’zbek adabiyotida 15-asrdan yozila boshlagan. Hofiz Xorazmiy, Alisher Navoiy, Nodira va boshqalar Tarkibbandda ijod qilishgan. Masalan, Navoiy devonida bittagina Tarkibband bo’lib, u ham marsiya xarakterida — «ham ota, ham murshidu pir» maqomidagi Sayyid Hasan Ardasher xotirasiga bag’ishlangan. U 7 band — 56 baytdan iborat. Har bandi 7 baytlik g’azal va undan so’ng takrorlanib kelgan baytdan tashkil topgan. Zamonaviy shoirlardan V.Sa’dulla, Chustiylar Tarkibband yozganlar. Chustiy Tarkibbandining har bandi 5 baytdan tarkib topib, har band oxirida alohida baytlar takrorlanib keladi. Ad.: Adabiy turlar va janrlar, 2j., T., 1992; O’zbek adabiyoti tarixi [5 j.li], 2j., T., 1977.