TAUSAG’IZ
TAUSAG’IZ, tog’saqich (Scorzonera tausaghyz) — qoqidoshlarga mansub ko’p yillik o’simlik. Ildizi yo’g’on, sertarmoq. Poyasi ko’p shoxlanmagan, bo’yi 20-50 santimetr, barglari navbatlashib joylashgan, uchi sariq savatcha bilan tugaydi. Savatchasida 30-50 ta sariq, tilsimon, ikki jinsli gullari o’rnashgan. Mevasi pistacha. Tausag’iz Qozog’istonda Qoratog’ tizimining toshli va shag’alli yon bag’irlarida o’sadi. Quruq ildizining 9-28% ini kauchuk tashkil etadi. Kauchukning sifati tropikda o’sadigan geveya kauchugidan yuqori. Tausag’izdan 1948 yilgacha keng miqyosda kauchuk olish uchun foydalanilgan; sun’iy kauchuk ishlab chiqarish. yo’lga qo’yilgandan keyin faqat ilmiy maqsadlarda ishlatila boshlandi. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika instituti xodimlari S.X. Chevrenidi va o. N. Bondarenko (1948) Farg’ona vodiysida yangi Tausag’iz o’simligini topishib, unga O’zbekiston tausag’izi deb nom berishgan.