Tayga

Tayga— mo`tadil-mintaqa o`rmonlar zonasining shimoliy qismidagi igna bargli o`rmonlar. Tayga Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikaning shimolida juda katta maydonni egallaydi. Tayga shimolga tomon siyraklasha borib, o`rmonli tundraga aylanadi. Tayganing janubiy chegarasi G`arbiy Yevropada 60-paralleldan o`tadi, sharqqa ketgan sari janubroqqa tusha boradi va Uzoq Sharqda 50-parallelga yetadi. Tayga iqlimi kontinental bo`lib, qishi qattiq sovuq va uzoq keladi, yozi yetarlicha issiq, iyulning o`rtacha harorati +10 darajadan + 20 darajagacha, yiliga 300-600 mm yog`in yogadi, chuqur joylar botqoq. Tuprog`i asosan podzol tuproq. Yevrosiyo tekisliklarida ko`proq qora qaragay, oq qarag`ay, kedr, Sharqiy Sibirning kontinental hududlarida aksari tilog`och o`sadi; bargli daraxtlardan qayin, tog`terak uchraydi. Hayvonot dunyosi boy, mo`ynali hayvonlar (tiyin, tulki, ayiq, silovsin, sobol, ondatra), o`txo`r hayvonlardan los, shimol bug`usi ko`p. Taygada aholi ancha siyrak. Aholi yog`och tayyorlash va yog`och oqizish, mo`ynali hayvonlar ovlash, darrandachilik bilan shug`ullanadi.