Teatr

Teatr (Yun. theatron — tomoshagoh) — 1) san’at turi; uning o’ziga xos ifoda vositasi aktyorning omma oldidagi o’yini jarayonida yuzaga keladigan sahnaviy voqeadir. T. san’atida ham boshqa san’atlarda bo’lganidek, xalq hayoti, tarixi, dunyoqarashi aks etib, jamiyat taraqqiyoti, ma’naviyati, madaniyati bilan bog’liq holda o’zgarib, takomillashib boradi. T. asosida og’zaki yoki yozma dramaturgiya yotadi. T. sintetik san’at bo’lib, jamiyat hayotida, tomoshabinlarning ma’naviy va estetik tarbiyasida muhim o’rin tutadi. Unda dramaturgiya, musiqa, tasviriy san’at, raqs, me’morlik ajralmas birlikni tashkil etadi. T.ning muhim vositalaridan biri sahna nutqidir. Aktyor qahramonning pesadagi so’zlarini o’zlashtirib olar ekan, qahramon qiyofasida, holatlarda turib uning nutqiy tavsifini yaratadi, boshqa personajlar bilan muloqotga kirishadi. Sahna nutqi xarakterlarning ochilishida, asar mazmuni, konfliktining yoritilishida muhym o’rin tutadi (q. Sahna nutqi). Sahna asarlarining yaratilishida teatr rassomligi (stsenografiya)ning hissasi katta. Rassom asar mazmuni va rej. echimidan kelib chiqib, dekorasiya yaratadi. (q. Teatr dekorasiyasi san’ati). T. da musiqaning ham o’rni katta, tomosha turi va janriga bog’liq holda u turli vazifani bajaradi: dramatik spektakllarda yordamchi vosita bo’lsa, operetta, musiqali dramada so’z bilan barobar huquqga ega, opera va baletda esa hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. (q. Teatr musiqasi). T. san’ati uzoq tarixga ega bo’lib, uning asosiy unsurlari (boshqa qiyofaga kirish, dialog, to’qnashuv kabi) insoniyatning ibtidoiy davrlarida ovchilik, mehnat va liniy marosim, bayramlar bilan, totemizm, animizm kabi ibtidoiy dunyoqarash va ajdodlarning ruhlariga sig’inish bilan bog’liq holda shakllangan. Yunoniston, Hindiston, Turonda mil. AV. 5asrdayoq T. jamiyat hayotida muhim o’rin tutgan. Hindistonda T. sanskrit T., xalq T.i shakllarida hamda «Mahobhorat» va «Ramayana» dostonlari bilan bog’liq holda rivojlangan; dramaturgiya va sahna san’ati haqida «Natyashastra» nomli risola yaratilgan. Keyinroq T. Yaqin Sharq va Rimga ham yoyildi. Ayniqsa, Rimda T.ning yangi shakl va turlari yaratildi. G’arbiy Evropada T. san’atining dastlabki namunalari sayyor aktyorlarjonglyorlar ijodida, Rossiyadaskomoroxlar faoliyatida yuzaga kelgan. Uyg’onish davrida vujudga kelgan drama yangi shakldagi professional trning shakllanishiga zamin yaratdi. 16-a.dan opera, 18-a. o’rtalaridan balet, 19-a. o’rtalaridan operetta mustaqil T. turi sifatida rivojlana boshladi. T.ning keyingi taraqqiyoti klassisizmning keng yoyilishi bilan bog’liq. 18-a. da ma’rifatchilik oqimidagi T. taraqqiy etdi. Astasekin realistik tendentsiya kuchaydi. Ayniqsa, K. Golsoni, G. Lessing, P. Bomarshe, F. Shiller ijodida realizm yorqin namoyon bo’ldi. 18-a.ning oxirlariga kelib, drama, melodrama, vodevillarda satirik yo’nalishning yuzaga kelishi T.da demokratik asosning kuchayishiga sabab bo’ldi. T. g’oyaviy va badiiy kurashlar maydoniga aylandi. 19-a.ning 1yarmida vujudga kelgan romantik yo’nalish T.da gumanistik ideallar va ko’p hollarda xayoliy orzularning yoritilishiga olib keldi. Dramada taqlidgo’ylikdan iborat klassisizmga qarshi, o’ziga xos milliylik, xalqchillik, tarixiylik va ijtimoiy adolat uchun kurash ohanglari keng quloch yoydi. 19- a. oxirlaridan T.ni isloh qilishning yangi davri boshlandi. T. badiiy adabiyot (proza, poeziya), yangi drama (A. Chexov, G. Ibsen, B. Shou va b.) bilan yaqinlashdi. 19-a. oxirlarida 20-a. boshlarida T.da, aktyorlik san’atida yangi ta’lim uslubi Stanislavskiy sistemasini qo’llash boshlandi. 20y.larda V. Meyerxold, V. Tairov, V. Vaxtangovlarning rej.lik faoliyati T.ning rivojiga katta hissa bo’lib qo’shildi. 20-a. o’rtalarida G’arb rejissurasi va sahna san’atiga B. Brextning ijodiy uslubi katta ta’sir ko’rsatdi. Zamonaviy T. dunyo teatrining demokratik, xalqchil an’analarini muttasil o’zlashtirib borishi, sahnaviy talqinlarning rangbarangligi bilan ajralib turadi. O’zbekiston hududida an’anaviy T. juda qad. va boydir. Uning kurtaklari ibtidoiy jamoa davridayoq ov va b. mexnat jarayoni aks etgan taqdidiy raqslar, jangovar va xalq o’yinlari, tabiat kuchlariga topinish oqibatida yuzaga kelgan marosimlar shaklvda namoyon bo’lgan. Mil. AV. 7-6-a.lardayoq Turonda zardushtiylik va uning mukaddas kitoblar to’plami — Avesto bilan bog’liq 2 toifa — kulgili va qayg’uli tomoshalari shakllangan. Yunon — Baqtriya podsholigi davrida Oyxonim, Niso, shahri G’ulg’ulada maxsus teatrlar bo’lib, ularda Evripidning «Alkesta», «Ippolit» kabi tragediyalari ko’rsatilgani ma’lum. Mil. AV. 1 a.dan mil. 4-a.gacha Kushon davlatida Budda dini bilan bog’liqturli teatrlashgan tomoshalar mavjud bo’lgan. Ayritom ibodatxonasi peshtoqidagi cholg’uchi qizlarning tasvirlari shuni ko’rsatadi. Astasekin Turon T. san’ati diniy marosimlar qobig’idan chiqib, dunyoviy mazmun kasb etadi — inson hayoti, ijtimoiy munosabatlarni tasvirlashga e’tibor kuchayadi. 6-7-a.lar Turon mulkidan chiqqan cholg’uchilar, aktyor va raqqosalar Buyuk ipak yo’li orqali qo’shni yurtlarga ijodiy safar qiladilar. 9-12-a.larda xalq bayramlari, marosimlari, urfodatlari va ular bilan bog’liq tomoshalar tiklanibgina qolmay, aholi orasida keng tarqaldi. Masxara va taklid T.i. rivojlandi. Amir Temur davlati davri (14— 15-a.lar)da T.san’atida keskin yuksalish ro’y berdi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh, Klavixolarning ma’lumotlaricha, bu davrda poytaxt — Samarkandda va b. nufuzli shaharlarda teatrlashgan tomoshalar uyushtirilgan. An’anaviy T. va b. san’at tomoshalari, ayniqsa, Mirzo Ulug’bek davrida (1394-1449) Movarounnahrda, Husayn Boyqaro davrida (1469— 1506) Xurosonda taraqqiy topdi. G’iyos masxara, Xoja Dexdor, Abdulla Devona, Abdulvose’Munshi, Sayd Badr kabi T. san’atining atoqli namoyandalari faoliyat ko’rsatgan. An’anaviy T. ning kulgili turlari (masxara, taqlid, zarofat), qo’g’irchoq o’yin (chodir Jamol, chodir xayol, fonus xayol) badiiy tomosha tizimi sifatida tashkil topdi. 18-a. oxiri 19-a. boshlarida T.ning asosiy turlari saklanib, repertuar va ijro uslubida o’ziga xos xususiyatlar rivojlandi. Shaharlarda ijrochi san’atkorlarning kasabai sozanda (mextarlik) degan uyushmalarining faoliyati kuchaydi. Xorazmda «xatarli o’yin», «to’kma» tomoshalari keng yoyildi. Farg’ona vodiysi va Toshkentda qiziqchilik va askiya taraqqiy etdi. 19-a.ning 2yarmida Qo’qonda Zokir Eshon boshliq 30 ga yaqin qiziqchilar to’dasi, Buxoroda tula masxara boshliq 20 ga yaqin masxarabozlar to’dasi Shuxrat qozondi. Keyinchalik o’zbek madaniyatining ilg’or namoyandalari (Furqat, Behbudiy, Avloniy va b.) rus, tatar va Ozarbaijon teatr truppalari tomoshalariga qiziqish bilan qarab, mahalliy ziyolilarni ulardan o’rganishga chaqirdilar. Shu tarzda yangi milliy T. yaratish harakati yuzaga keddi. 1914 y. Samarqand (15 yanv.) va Toshkent (27 Fev.) da «Padarkush» dramasini sahnalashtirish bilan yangi o’zbek teatri o’z faoliyatini boshlaydi. Ayniqsa, A. Avloniy rahbarligida «Turon» T.ining 1915 y. O’zbekiston shaharlariga kilgan ijodiy safarining ahamiyati katta bo’ldi. 1916 y. Hamza Qo’qonda T. tuzdi. Birinketin Andijon (1919), Xiva (1922), Buxoro (1922)da T.lar tashkil qilindi. 1918 y.dan Mannon Uyg’ur «Turon» teatri (hoz. O’zbek milliy akademik drama teatri)ga rahbarlik qilib, uning professional teatrga aylanishida, repertuarini tuzish, ijro uslubini yaratishda muhim rol o’ynadi. T. ning birinchi bo’g’in aktyor va rej.lari 1924— 27 y.lar Moskvada O’zbek maorif uyi qoshida ochilgan dramstudiyada tahsil olishgan. 20y.lar so’ngida rus yosh tomoshabinlar T.i. (1928), O’zbek yosh to, moshabinlar T.i. (1929) tashkil topdi. Keyinroq Namangan (1931), Qashqadaryo (1932), Surxondaryo (1935) viloyati teatrlari, o’nlab tuman va shahar T.lari yuzaga keldi. Toshkent va Samarqandda Davlat rus drama teatri (1934, 1938). Respublika ko’g’irchoq teatri (1939). Navoiy nomidagi davlat opera va balet teatri (1939) o’z faoliyatini boshladi, shu yili Davlat komediya teatri tashkil bo’ldi va u bir yil o’tib Mukimiy nomidagi Respublika musiqali drama va komediya teatriga aylantiriddi. Ikkinchi jahon urushi yillarida Moskva, Leningrad, Kiev, Xarkov sh.laridan ko’chib kelgan teatrlar mamlakatimiz shaharlarida o’z faoliyatini olib bordi. 50—60y.larda Hamza nomidagi akademik drama teatri va b. teatrlarda turli mavzu, sermazmun, ijtimoiypsixologik, maishiy va falsafiy, rangbarang uslubda spektakllar sahnalashtirildi. 1968 y. «Yosh gvardiya» teatri (hoz. Abror Hidoyatov nomidagi O’zbek davlat drama teatri) tashkil qilindi. 70—80y.lar T.da ziddiyatli davr bo’ldi; bir tomondan, milliy an’analarga e’tibor kuchaygan bo’lsa, ikkinchidan, dabdababozlik, hayotni xaspo’shlab ko’rsatish avj oldi. 1976 y. «Ilhom» teatrstudiyasi ish boshladi. 1986 y. Respublika satira teatri tashkil topdi. 80y. larning 2yarmida hayotni haqqoniy aks ettirish, janrlar rangbarangligi, tomoshaviylikka intilish mayllari yuzaga kelib, astasekin kuchayib bordi. Bu davrda Abror Hidoyatov nomidagi T. etakchi o’ringa chiqib oldi. O’zbekiston mustaqil davlat deb e’lon qilingach, o’zbek T. i hayotida ham yangi davr boshlandi. Istiklol tufayli milliy merosga tayanib ijod qilish, milliy qadriyatlar, an’analarni tiklashga intilish jiddiy Tue oldi. Bu davrda o’zbek T.ida quyidagi ilg’or tendentsiyalar, ijodiy izlanishlar ko’zga tashlanadi: birinchidan, T.lar repertuarida tarixiy mavzuning salmog’i oshdi. Buyuk ajdodlarimiz — allomalar, shoirlar, davlat arboblari, lashkarboshilarning hayoti va taraqqiyot uchun kurashini yorituvchi o’nlab sahna asarlari yaratildi. Sahnalarda sho’rolar davrida hatto tilga olish man etilgan Bahouddin Naqshband, Hakim atTermiziy, Imom alBuxoriy kabi allomalar, «Avesto» kitobi asosida zardushtiy hayotini yorituvchi sag’na asarlari vujudga kelib, davrimiz tomoshabinlari ma’naviyatini boyitdi, tarixiy, diniy e’tiqodga nisbatan qarashlarni o’zgartirdi. Ayniqsa, Amir Temur va Temuriylar haqida yaratilgan 20 ga yaqin sahna asarlari ma’naviy va madaniy hayotimizda katta voqea buldi. Ikkinchidan, zamonaviy o’zbek T.ida tasavvuf bilan bog’liq «muqabbat sultoni», «Mashrab» (Milliy teatr), «Xitoy malikasining siri» (rus teatri), «Umar Xayyom», «ato etilgan muhabbat tariqati» (O’zbekiston yoshlar teatri), «Na falakman, na farishta» (Muqimiy teatri), «Shayh San’on», «raqsu samo'» («Eski masjid» teatr studiyasi) kabi spektakllar T.larimizning eng murakkab mavzularga dadil qo’l urayotganlari, yangi manbalarni ochayotganlaridan dalolatdir. Shu yo’nalishda Alisher Navoiy asarlarini T. sahnasida yangicha talqin etish boshlandi. Uchinchidan, jahon va milliy mumtoz dramaturgiya namunalarini zamonaviy talqin va vositalarda sahnalashtirish boshlandi. Navoiy, Shekspir, Moler, Ayniy, Behbudiy, Fitrat, Qodiriy, Cho’lpon, Avloniy, G’afur G’ulom asarlarining sahnaviy talqinlari shundan guvohlik beradi. To’rtinchidan, T.larda ilgari qoloqlik belgisi sifatida qarab kelingan etnografiya va folklor manbalari vositalaridan foydalanish butun bir uslubiy yo’nalish sifatida ko’zga yaqqol tashlanib, sahna san’atining milliy o’ziga xosligini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. «Alpomish» qahramonlik dostoni asosida poytaxt va viloyat T.lari sahnalarida yaratilgan 10 ga yaqin spektakllar ham bu yo’nalishning istiqbolidan nishonadir. Beshinchidan, dramaturgiya va T.da zamonaviy mavzularda asarlar yaratilib, sahnalashtirish yildan yilga sezilarli Tue olib bormoqda. Zamonaviy mavzular ko’proq melodrama, komediya, tragikomediya janrlari doirasida ishlanmoqda. Ayniqsa, maishiyaxloqiy komediyalar T. lar repertuaridan keng o’rin egalladi. Mustaqillik yillarida Farg’ona, Xiva, Qarshi, Namangan, Termiz sh.larida qo’g’irchoq T.lari ish boshladi. Abbos Bakirov nomidagi jamoatchilik asosida ishlab kelayotgan yoshlar teatri davlat tasarrufiga olinib, Andijon bolalar va yoshlar teatri ga aylantirildi (1990). O’zbekistonda o’tkazilgan «Sharq va G’arb» T. san’ati festivali, «Xumo» xalqaro yoshlar teatrlari festivali, «Navro’z», «Andijon bahori» respublika T. festivallari, Germaniyaning «Ander Rur» teatri bilan «muloqot» teatri studiyasi hamkorligida tuzilgan «Ipak yo’li — teatr sayohati» loyihasi asosida o’tkazilayotgan ikki tomonlama anjumanlar, qo’g’irchoq T.lari festivallari T. san’atining yangi ijtimoiy sharoitda rivojlanishida muhim rol o’ynamoqda. O’zbek teatri jamoalari dunyodagi bir qator mamlakatlarda ijodiy safarda bo’lib, o’zbek T. san’ati yutuqlarini namoyish etishdi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 y. 26 martda e’lon qilingan «O’zbekiston teatr san’atini rivojlantirish to’g’risida»gi farmoni va O’zbekiston Vazirlar Mahkamasining shu asosda qabul qilgan «O’zbekteatr» ijodiyishlab chiqarish. birlashmasi faoliyatini tashkil etish to’g’risida»gi qarori T. san’ati strategiyasini belgilab berdi. Shu asosda «O’zbekteatr» ijodiyishlab chiqarish. birlashmasi, uning qoshida «Atrmadad» jamg’armasi, teatr ijodkorlari uyushmasi tuzildi. «Teatr» jurnali nashr etila boshladi. Muntazam ravishda turli seminar va festivallar o’tkazilmoqda. Davlatlararo shartnomalarga muvofiq xorijiy mamlakatlardagi ijodiy tashkilotlar, xalkaro birlashmalar bilan aloqalar o’rnatilmoqda amerikalik rej. Devid Kaplan, britaniyalik Maykl Berkut va b. o’zbek teatrida, B. Yo’ldoshev Frantsiyada, N. Abdurahmonov Isroilda, M. Yusupov AQShda asarlar sahnalashtirdilar. Hamza teatri ga eski bino o’rniga zamonaviy muhtasham bino qurib berildi va O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001 y. 21 sentyabrda e’lon qilingan maxsus farmoni bilan ushbu teatrga «Milliy teatr» maqomi berildi. O’zbekiston Respublikasida davlat tasarrufidagi 37 ta T. va teatr studiyalar, o’nlab nodavlat va xususiy T.lar faoliyat ko’rsatadi (2004). Ad.: Avdeev A.D., Proisxojdenie teatra, M.— L., 1959; Stan islavski y K. S, Sobr soch., t. 18, M., 1954-61; xorijiy teatr tarixi (ruschadan S. Tursunboev tarjimasi), t. 1-2, T., 1997, 1999; Rahmonov M ., Hamza (o’zbek davlat akademik drama teatri) tarixi, T., 2000; Qodirov M ., O’zbek teatri an’analari, T., 1976; O’zbek teatri tarixi, T., 2003. Muhsin Qodirov.