Temirbeton konstruktsiyalar

Temirbeton konstruktsiyalar — temirbetonlai tayyorlangan elementlar va ularning birikmalari. Tayyorlanish usuliga ko’ra, monolit (yaxlit), yig’ma va yig’makuyma xillari bo’ladi. T. b. k. yangi paydo bo’lgan davrlarda (19-a. oxiri, 20-a. boshlari) monolit variant kengtarkaldi. 20-a. o’rtalaridan boshlab yig’ma T.b. k. ham paydo bo’la boshladi. Endilikda qurilishni yig’ma T.b. k. siz tasavvur etib bo’lmaydi. Monolit T.b. k. poydevorlar, gidrotexnika va meliorasiya inshootlari, rezervuarlar, suv bosimi minoralari, bunker va silos minoralari qurishda ishlatiladi. Ayniqsa, zilzilabardosh imoratlarni qurishda juda qo’l keladi, chunki poydevor, ustun, to’sin va yopmalarning yaxlit holda ishlanishi binoning zilzila bardoshligini ta’minlaydi. Yig’ma T.b. k. ixtisoslashgan zdlarda, mexanizasiyalashgan ochiq poligonlarda yoki qurilish maydonlarida tayyorlanadi va inshoot kuriladigan joyga tashib keltirilib, ko’tarish kranlari vositasida yig’iladi (montaj qilinadi). Yig’ma T.b. k. ning monolit konstruktsiyalardan afzalligi shundaki, qolip tayyorlash uchun ketadigan mehnat va yog’och sarfi bir necha marta qisqaradi (O’zbekistonda yog’och kamligi uchun buning ahamiyati katta), qurilish muddati kamayadi va narxi ham ancha arzonlashadi, konstruktsiyalarning sifati ortadi. Metall va yog’och konstruktsiyalarga nisbatan yig’ma T.b. k. chidamliligi, olovbardoshligi hamda zanglashga chidamliligi bilan farqlanadi. Sanoat, uyjoy va fuqaro qurilishi uchun temirbeton qoziqlar, poydevor bloklari, ustunlar, to’sinlar, ferma elementlari, tom, orayopma va devor panellari, kranosti to’sinlari, zinapoya marshlari va maydonchalari, balkon va karniz plitalari, deraza va eshik o’rni panellari, sarbasta (tepadon), deraza osti plitalari va b. ishlab chiqariladi. Sanoat binolarining 85% ini yig’ma T.b. k. tashkil etadi. Yo’ltransport qurilishi uchun temirbeton shpallar, ko’priklarning yig’ma elementlari, yo’lovchi va yuk tashish platformalari detallari, oqova suv quvurlari va ariqlari, avtomobil yo’llariga to’shaladigan yig’ma plitalar va b. ishlab chiqariladi. Gidrotexnika inshootlari uchun qobiq plitalar; q. x. qurilishi uchun ustunlar, to’sinlar, turli xil plitalar, molxonalar hamda issiqxonalar, em saqlanadigan transheyalar uchun kerakli detallar, quduqlar uchun xalkalar va b. ishlab chiqariladi. Bulardan tashqari bosim ostida yoki bosimsiz ishlaydigan temirbeton quvurlar, elektr va aloqa simlari uchun temirbeton ustunlar ham tayyorlanadi. Bunday mahsulotlarning aksariyati standart o’lchamlarda bajariladi. Yig’ma T.b. k. uchun betonning mustahkamligi yuqori bo’lgan turlari (V20— V40)dan foydalaniladi. Temirbeton elementlarning cho’ziladigan zonalariga qo’yiladigan armaturalar oldindan zo’riqtirilsa (tortib taranglashtirilsa), T.b. k. ning yoriqlar hosil bo’lishiga qarshiligi ortadi. Cho’zuvchi kuchlanishlar paydo bo’ladigan konstruktsiyalar (egiluvchan elementlar, quvurlar, rezervuarlar, minoralar va b.) da oldindan zo’riqtirilgan armaturali temirbe — tondan foydalanish yaxshi samara beradi. Krlipga quyilgan beton qorishmasi mexanizasiyalashgan usulda zichlashtiriladi. Ko’pincha (ayniqsa, oldindan zo’riqtirilgan konstruktsiyalarni tayyorlashda) armaturaning o’ta mustahkam xillaridan, tez qotuvchan tsementlardan foydalaniladi; betonning qotishini tezlashtirish uchun maxsus kameralarda bug’lantiriladi. Yig’maquyma (monolit) T. b. k. yig’ma elementlarning kuyma beton bilan mustahkam birikmasi. Bunda barcha tarkibiy qismlar birgalikda ishlaydi, konstruktsiyaga qo’yiladigan yuk barcha elementlarga tekis taqsimlanadi; T. b. k. ning yaxlitligi ta’minlanadi. T.b. k. ning yuk ko’tarish imkoniyati bo’yicha hisoblash nazariyasi o’zining rivojlanish jarayonida 3 asosiy davrni bosib o’tdi. Birinchi — dastlabki davrda T.b. k. ni hisoblashda ruxsat etilgan kuchlanishlar nazariyasidan foydalanilgan. Bu nazariya materiallar qarshiligi fanining formulalariga asoslangan edi. Rivojlanishning ikkinchi davri A. F. Loleyt va A. A. Gvozdevning ilmiy ishlaridan boshlandi (1931). Bu ishlar asosida yaratilgan buzilish bosqichi nazariyasi 1938-55 y.larda qurilish me’yorlarida asosiy qisoblash nazariyasi bo’lib keldi. Shu davr mobaynida T.b. k. larining mustahkamligi shu nazariya asosida hisoblanib kelindi. Rivojlanishning uchinchi davrida (1955 y.dan) yangi usul — chegaraviy holatlar bo’yicha hisoblash usuli yaratildi. Bu usul hoz. kunda ham qo’llaniladi va davr talabiga Moe ravishda yil sayin takomillashib boradi. Zamonaviy qurilish texnologiyasining muhim vazifalaridan biri temirbeton, shu jumladan, engil T.b. k. yaratish va amalda joriy etishdan iborat. Ad.: Asqarov B. A., Nizomov Sh.R., Hobilov B. A. Temirbeton va tosh-g’isht konstruktsiyalari, T., 1997; Baykov V. N., Sigalov E.E., Jelezobetonnie konstruktsii, M., 1985.