TENDER

TENDER (inglizcha tend — xizmat ko’rsatish) — 1) ochiq turdagi (ochiq Tender) yoki cheklangan sondagi ishtirokchilar uchun yopiq turdagi (yopiq Tender) raqobatli savdo-sotiq; buyurtmani joylashtirishning tanlov shakli; 2) qimmatli qog’ozlarga obuna bo’lish, muddatli shartnoma bo’yicha tovarlar etkazib berish, shartnomalar tuzish to’g’risidagi ariza, yozma taklif; 3) xalqaro bozorda mashina-uskunalar xarid etish, qurilish-montaj ishlarini bajarish, injiniring xizmatlari ko’rsatish uchun tanlov asosida buyurtmalar berish. O’zbekiston iqtisodiyotida bozor munosabatlarini shakllantirishda va rivojlantirishda Tender keng qo’llaniladi. Davlat tasarrufidan chiqarilgan korxonalar aktsiyalarining yirik paketlarini sotishda, katta qurilish ishlarini olib borishda, xalqaro loyihalarini amalga oshirishda Tender e’lon qilinadi. Savdoni tashkil etish uchun vaqtinchalik organ bo’lgan Tender qo’mitasi tuziladi.

TENDER -1) parovoznnng tirkami qismi; unda suv va yoqilg’i zaxirasi saqlanadi va parovozning yordamchi qurilmalari turadi. 3, 4 va 6 o’qli qilib ishlanadi; 2) 2-3 ta uchburchakli old yelkani bo’lgan bir machtali kema. Dengiz flotida bir machtali harbiy kema ham Tender deyiladi; 3) aviatsiyada samolyotlarni qurishda simlarni yoki troslarni tortish uchun mo’ljallangan vintli tortqi.