Termiziy me’moriy majmui, Hakim Termiziy maqbarasi

Termiziy me’moriy majmui, Hakim Termiziy maqbarasi — Termizdagi me’moriy yodgorlik (9-15- a.lar). Majmua Abu Abdulloh Muhammad Hakim Termiziy nomi bilan bog’langan. T. m.m. asrlar davomida bir necha bor qayta qurilgan. Masjid, maqbara, xonaqoh, qorixona kabi binolardan iborat bo’lgan. Dastlab xom g’ishtdan xonaqoh (9-a.) bunyod etilib, Hakim Termiziy shu erda yashab mudarrislik qilgan. Binodan keng hovlining bir qismi, qalin devor to’siq va shim.Sharqiy burchagida uncha katta bo’lmagan erto’lasimon hujra saqlangan. Vaqtlar o’tishi bilan qabr ustiga, xonaqohning Jan. g’arbiy burchagida xom g’ishtdan Jan.ga qaratib maqbara bunyod etilgan (9-a.). Termiziy maqbarasi xalq orasida ulug’lanib avliyo qabri, muqaddas ziyoratgoh sifatida e’zozlangan. Keyinchalik maqbaraning Sharqiy devoriga tutashtirib kichik qorixona va o’g’li alhakim Abdulloh maqbarasi (10-a.), shim.da uncha kata bo’lmagan hovliga qaragan 3 gumbazli, ravokli yo’lak ko’rinishidagi Namozgoh masjidi (11 —12-a.lar) hamda bir qator qo’shimcha xonalar qo’shilgan. Temuriylar hukmronligi davrida (15-a.) xonaqoh baland asos (bal. 1,5 m) ustiga pishiq g’ishtdan qayta qurildi. Unga tutash bo’lgan xonalar ta’mirlandi. Xonaqohning shim. va Jan. tomonlariga peshtoq ishlandi. Oddiy va aniq qurilmali xona devorlari ravoq ustunlari «romb» ko’rinishidagi poyustunga tayangan. Hakim Termiziy maqbarasi 9-a.da bunyod etilgan xonaqoh hujralaridan biri bo’lgan. Xonaqoh hovlisining g’arbidagi 3 gumbazli masjid maqbaraga tutash, 3 ravog’i hovliga kdragan. Masjidning g’arbiy devor markazida keng hoshiyali mehrob bor. Undagi bo’rtma yozuv, sopol shakllar, oraliq zaminidagi o’yma ganch bezaklar o’ziga xos. Masjid ustunlari g’ishtdan bezakli qilib terilgan. Masjiddan ravoq orqali maqbaraga o’tiladi. Maqbara ichi ganch o’ymakorligida gilam nusxa bezakda serhasham pardozlangan. Gumbaz osti sharafasida kufiy xatida Qur’onning 36surasi o’yib yozilgan. Xonaqoh ichi ham yulduzsimon girih naqshlar bilan pardozlangan. Ravoklaridagi tobadonlariga panjaralar o’rnatilgan. Maqbara ichidagi oq marmar sag’ana Temuriylar davridagi tosh o’ymakorligi san’atining yuksak namunasidir. Sag’ana 3 pog’onali, asosi islimiy naqsh va yozuvli hoshiyalar bilan, o’rta qismidagi 3 mehrobiy tokchaning Markaziy (o’rta) qismi muqarnas kosachalar bilan, 2 yoni shamchiroq tasviri bilan bezatilgan. Sag’anadagi yozuvlarda Termiziy hayoti va faoliyati tavsiflangan. Kichik maqbarada ham ta’mirlash ishlari olib borilgan. Abdullaxon hukmronligi davri (16-a.)da hazira (hovli) hududida 9 gumbazli masjid (eski masjidni o’z ichiga olgan) qurilgan. Oldida engil ravoqustunli ayvon joylashgan. 19-a. da 9 gumbazli masjid o’rnida 4 gumbazli masjid bunyod etilgan. Jan.dan kiraverishda yana bir maqbara (go’rxona va ziyoratxonadan iborat) qurilib, ravokli bo’lmalar orqali Termiziy maqbarasi va xonaqoh bilan o’zaro bog’langan. T.m.m. 1955-57 y.larda ilmiy o’rganilib 14— 15-a.lardagi ko’rinishi qayta tiklandi. 1980— 81 y. va 2001-2002 y.larda maqbara va xonaqoh qayta pardozlandi. Majmuaning umumiy tarhi 28,0×29,0 m, maqbara 5,10×4,70 m.