TERMIZSHOHLAR SAROYI
TERMIZSHOHLAR SAROYI — Termiz hukmdorlarining qarorgohi. 11 — 12-a. me’morligining diqqatga sazovor namunalaridan. 1926-28, 1936— 37 y.larda qazib o’rganilgan. Saroy majmuasi katta hududni ishg’ol etib, to’g’ri to’rtburchak tarhsa qurilgan. Saroyning bosh tarzida peshtoq bo’lib, keng hovli o’rtasida hovuz (8,5×8,5 m, unga sopol quvurlardan suv keltirilgan), mehmonxona (katta zal va daxlizli), zal oldida 4 ta murabba ustunli ayvon bor. Qazish paytida ganch panjara, rangdor oyna, ganchga bo’yab ishlangan tasvir qoldiklari topilgan. Saroy bir necha marta ta’mir etilgan. 12-a.da zal intereri ganch o’ymakorligi bilan bezatilgan, devorlarga afsonaviy maxluklarning tasvirlari ishlangan. 1220 y.da Termizni Chingizxon qo’shinlari qamal qilgan, qattiq qarshilik ko’rsatilgani uchun saroy boshqa ko’pgina binolar qatori vayron qilingan, xarobalar saqlanmagan.