Texnogen san’at
Texnogen san’at — 19-a. oxi-ri — 20-a. san’atida ilmfan va texnika (fotografiya, elektr, elektronika, mikrotexnologiya va b.) rivoji natijasida qaror topgan yangi yo’nalish. T. s. badiiy ijodning boshqa shakllarida qo’llaniladigan vositalar (rang, kompozisiya, dramaturgiya va b.) bilan birga yangi (rakurs, montaj, ovoz yozish, yangi ovoz va ranglarni yaratish kabi) texnik imkoniyatlardan unumli foydalanish hisobiga muayyan ifodaviy natijalarga erishib, ularni ommaviy aloqa vositalari (media shakllari — bosma nashr, radio, grammyozuv, televidenie va b.) yordamida ko’paytiradi va tarkatadi. T. s. tizimida sintetik (qorishma) badiiy shakllar (foto san’ati, kino, televidenie, elektron musiqa, lazer musiqasi, kompyuter grafikasi, Webdizayn va b.) yuzaga keldi. Mazkur jarayonda yangi ijod shakllari va ixtisosliklar (kinooperatorlik, ovoz rejissurasi va b.), maxsus jihozlangan studiyalar (fotostudiya, kinostudiya, musiqiy studiya, ovoz yozish studiyasi, vebdizayn studiyasi va b.), fanning yangi yo’nalishlari (psixoakustika, kompyuter musiqasi texnologiyasi kabi) rivoj topdi. O’zbekistonda T. s. rivojiga katta ahamiyat berilib, T. s. yo’nalishlari davlat (oliy va o’rta maxsus) ta’lim tizimiga kiritilgan. Olimjon Bekov, Farida Sabitova.