TEZ AYTISH

TEZ AYTISH — o’zbek xalq og’zaki ijodining bir turi. Tez aytishda yanglishib ketish mumkin bo’lgan qofiyadosh so’zlardan tuzilgan jumlalar qo’llanadi. Unda muayyan tovushlar, ayniqsa, jarangli undoshlar takrorlanadi va so’zlar ritm, urg’ular bilan tez aytiladi. Masalan, Besh mis barkash, besh mis barkashning ichida besh ming mis barkash. Tez aytishda har bir tovush o’z o’rnida to’g’ri, ravon talaffuz etilishi shart. Tovushlar talaffuzida yanglishgan tomon (kishi) engilgan hisoblanadi. O’tmishda katta yoshdagi odamlar ham o’tirishlarda, to’ylarda Tez aytishda musobaqalashib, madaniy hordiq olganlar. Keyinchalik, asosan, bolalar repertuariga aylangan. Tez aytishlar bolalarning fikrlash qobiliyatini, so’z boyligini oshirishga va nutqining ravon bo’lishiga xizmat qiladi.