Tibning mavzulari to’g’risida
Tib odam gavdasining sog’lig’i va kasalligini o’rganadi. Har bir narsani bilish, u narsaning sabablari bo’lsa, shu sabablarni o’rganish orqali hosil bo’ldi va kamolga yetadi. Shuning uchun tibd sog’liq va kasallikning sabablarini bilish kerak bo’ladi. Sog’liq, kasallik va ularning sabablari goho ochiq, goho maxfiy bo’lib, unga his bilan emas, balki balgilarga asoslanib fikr yuritish bilan yetishiladi. Shuningdek, tibda sog’liq va kasallikda yuz beradigan hodisalarni ham bilish kerak bo’ladi.
Haqiqiy ilmlar [hikmat ilmlari]da aniq bo’lganki, har bir narsani bilish, agar uning sabablari bo’lsa, shu sabablarni va tub asoslarini o’rganish bilan hosil bo’ladi. Agar sabablari bo’lmasa, unga xos va xos bo’lmagan belgilarini o’rganish orqali bo’ladi. Sabablar esa to’rt xil bo’ladi, moddiy, faol [ta’sir qiluvchi], shakily va tugallovchi sabablar.
Moddiy sabablar shunday negizlarki, sog’liq va kasallik shu negizlarda barpo bo’ladi. Eng yaqin negiz a’zo yoki ruhdir. Undan uzoqroq negiz xiltlar va undan ham uzoqrog’i unsurlardir. [Keyingi] ikkitasi asosan tarkib e’tibori bilan ham negiz bo’ladilar. Har bir shunday negiz tarkib va o’zgarishlarda biror birlikka yo’naltiriladi. Ko’plikka ulanadigan shunday birlik bu yerda yo mijoz, yo tuzilish, yo shakl bo’ladi. Ammo, mijoz o’zgarish e’tibori bilan, tuzilish esa tarkib e’tibori bilan [vujudga keladi].
Ta’sir qiluvchi sabablar odam gavdasining holatlarini o’zgartiruvchi yoki o’zgarmagan holda saqlovchi sabablardir. Ular esa havolar va ularga aloqador narsalar-ovqatlar, suvlar, ichimliklar va ularga aloqador narsalar, bo’shalish [va chiqindilarning] to’xtalishi, shaharlar, turar-joylar va bularga aloqador narsalar, jismoniy va nafsoniy harakat va osoyishtaliklardir. Jumladan, uyqu va uyg’oqlik ham faol sabablardandir. Bir yoshdan boshqa bir yoshga o’tish, yosh va jins e’tibori bilan farqlanish, hunarlar, odatlar, odam gavdasiga tegib, uning tabiatiga yo teskari bo’lmay, yo teskari bo’lib tushadigan narsalar ham ta’sir qiluvchi sabablardandir.
Shakliy sabablar mijozlar, ulardan keyin paydo bo’ladigan quvvatlar va tarkiblardir.
Tugallovchi sabablar faoliyat [ishlar]dir. Ishlarni o’rganishga quvvatlar va ularni tashuvchi ruhlarni o’rganish ham kiradi. Tib san’ati odam badanining sog’lig’i va kasallikni tuzatishning sabablari va vositalari e’tibori bilan tib san’ati uchun yana boshqa mavzularning bo’lishi ham zarur.
Bu ikki holatning sabablari yeyiladigan va ichilarigan narsalarning tadbiri, havoni tanlash, harakat va tinchlikning miqdorini aniqlash, dori bilan davo ilish, qo’l bilan muolija qilish kabi tadbirlardir. Tabibning tasavvur qilib, dalil keltirmog’i zarur bo’lgan narsalar, kasalliklar, ularning o’ziga xos sabablari, alomatlari, va qanday qilib kasallikning ketkazilishi va sog’liq saqlanishidir. Albatta, tabib ana shu mavjudligi maxfiy narsalar [ning borligi], miqdori va [o’tish] davriga batafsil dalillar keltirishi lozim bo’ladi.