TILLAKO’ZLAR

TILLAKO’ZLAR (Chrysopidae) to’rtqanotlilar turkumiga mansub hasharotlar oilasi. Ko’zi bo’rtib chiqqan, tillasimon yaltiraydi (nomi ham shundan), mo’ylovlari ingichka, uzun, qanoti yoyilganda 4 sm gacha. Tuxumini o’simlikning bargi va poyalariga qo’yadi. Er sharining yangi Zelandiyadan boshqa hamma qismida uchraydi. Xarakterli vakili — oddiy tillako’zning tanasi 1 sm gacha, yashil tusda. Lichinkalari yirtqich, har xil o’simliklar orasida yashab, shira biti, koktsidlar, tripslar va kanalarning yosh lichinkalari hamda hasharotlarning tuxumi bilan oziqlanadi. T.dan o’simliklar zararkunandalariga qarshi biologik kurash usulida foydalaniladi.