Tilog’och

Tilog’och (Larix) —qarag’aydoshlar oilasiga mansub ignabargli daraxtlar turkumi. 20 ga yaqin turi bor. Evropa Osiyo va shim. Amerikada usadi. Bir uyli, ayrim jinsli o’simlik. Bo’yi 20-25 m (50 m gacha, diam. 1 m gacha etadi), barglari qishda to’kiladi. Ignalari yumshoq, silliq, uzun novdalarda 20-40 tadan spiralsimon joylashgan. Urug’li qubbalari dumaloq yoki cho’ziqroq (yoshligida qizg’ish yoki yashil), kalta novdalar uchida joylashgan. T. ignabarg chiqarishi bilan gullaydi, qubbasi va urug’lari o’sha yildayoq kuzda yoki bahorda ekiladi. Ochilgan qubbalari daraxtda 2-3 yilgacha turadi. Urug’i mayda, qanotchali, shamol yordamida tarqaladi. T. sovuqqa g’oyat chidamli, joy tanlamaydi, yorug’sevar. Tog’ yon bag’irlarini mustahkamlashda, dala ihota daraxtzorlari hosil qilishda va joylarni ko’kalamzorlashtirishda T. ning ahamiyati katta. Uning Gmelin yoki Dauriya T. (L. gmeliniia) va Sibir T. (L.sibirica) turlari ko’p tarqalgan. Yog’ochi pishiq, mustahkam, qattiq, suv osti inshootlari qurishda; mebel, qog’oz tayyorlashda ishlatiladi.