Tishli uzatma
Tishli uzatma — aylanma harakatni ilgarilama harakatga yoki aksincha aylantirib beradigan, yo bo’lmasa, aylanma harakat uzatadigan 3 zvenoli mexanizm. Uning 2 zvenosi qo’zg’aluvchan tishli g’ildirak (shesternya) dar (yoki shesternya va reyka)dan iborat bo’lib, qo’zg’almas zveno (korpus) bilan aylanma yoki ilgarilama harakat uzatuvchi juftlikni hosil qiladi. T.u.ning tsilindrik, konussimon, gipoid, to’lqinsimon va b. shaklli turlari bo’ladi. Ko’pgina mashina va mexanizmlarda tashqi ilashishli, ya’ni tishlari tashki sirtiga o’yilgan T. u., kamdankam hollarda ichki tishlashishli (g’ildiraklardan birining ichiga tishlar o’yilgan) T.u. ishlatiladi. Kichik va o’rtacha tezliklarda, ochik, holda yoki tezliklar qutisida ishlashi uchun to’g’ri tishli; o’rtacha va yuqori tezliklarda, muhim uzatmalarda foydalanish uchun qiyshiq tishli; og’ir ishlarni bajaradigan mashinalarda katta moment va quvvatlarni uzatish uchun shevron tishli; evolventa ilashishli; barcha muhim konussimon T.u.lar uchun doiraviy tishli g’ildiraklardan foydalaniladi. T. u. mexanik uzatmaning eng samarali va keng tarqalgan turi. Ular juda kichik kVt dan bir necha ming kVt gacha quvvatni, grammning bir necha ulushidan 10 mn (1000 t kuch) gacha aylanma kuchni uzatishda qo’llaniladi. T.u. boshqa uzatmalarga qaraganda ixcham, f.i.k. yuqori, ko’pga chidamli, valga kam yuk tushishi bilan farq qiladi. Ish vaqtida shovqin chiqarishi va tayyorlashda yuqori aniqlik talab qilinishi, tishlarning sinishi, toliqib emirilishi, eyilishi va b. omillar T. u.ning kamchiligi hisoblanadi. T.u. oddiy bir pog’onali uzatma ko’rinishida va bir necha uzatmadan iborat birikma ko’rinishida mashinalarga o’rnatib yoki alohida agregat tarzida ishlatiladi (yana q. Differentsial mexanizm, planetar uzatma, reduktor).