Tishsiz kitlar, mo’ylovli kitlar
Tishsiz kitlar, mo’ylovli kitlar (Mysticeti) — kitlar kenja turkumi. Tishlari tug’ilmasdan oldin yo’qolib ketadi (nomi ham shundan). Ular o’rnida yuqorigi jag’larda «kit mo’ylovi» deb atalgan uzun (20-450 sm li) shoxeimon plastinkalar (360— 800 ta) rivojlanadi. Plastinkalardagi qillar o’zaro tutashib, sizdiruvchi to’r apparat (elak) hosil qiladi. Oziq (mayda umurtqasizlar, plankton organizmlar, mayda baliqlar va b.) shu to’rdan sizilib o’tadi. Tumshug’i ustida burun teshigi joylashgan. Boshi simmetrik tuzilgan, uzun tumshuq (rostrum) hosil qiladi. Pastki jag’lar bosh qutisidan uzunroq, yon tomonlari bukilib, yuqori jag’larni o’rab oladi. T. k. hozirgi sut emizuvchilarning yirigi (mas., ko’k kitning uz. 33 m, og’irligi 160 t gacha). T.k. 3 oila (silliq kitlar, yo’lyo’l kitlar, bo’z kitlar) 10-11 turga ajratiladi. Okeanlarda keng tarqalgan, tropik okeanlarda, odatda, uchramaydi. Muntazam migrasiya qilib turadi. Ko’pchilik T.k. 3-5 ta hayvonlardan iborat kichik tuda bo’lib yashaydi. T.k. ga Grenlandiya Kiti, janub Kiti, bo’z kit, bukri kit, finval, seyval, ko’k kit va b. kiradi. Ko’plab ovlash natijasida (yog’i, mo’ylovi sanoatda ishlatiladi) shim. Atlantikada T.k. deyarli qolmagan. Hoz. Tinch okean va Jan. yarim shardagi dengizlarda uchraydi. 1957 y.dan Grenlandiya Kiti, janub Kiti va bo’z kitlar, 1967 y.dan esa ko’k kitni ovlash man etilgan. 5 turi Tabiatni muhrfaza qilish xalqaro Ittifoqi qizil kitobiga kiritilgan.