Tobelanish

Tobelanish — tobe sintaktik munosabatda bo’lish; so’z birikmasi yoki gap tarkibidagi so’zlarning o’zaro teng bo’lmagan, sintaktik jihatdan biri ikkinchisiga bo’ysunuvchi munosabati. Sintaktik jihatdan biri ikkichisiga bo’ysunadigan, biri ikkinchisiga tobe bo’lgan birliklar orasida tobe aloqa mavjud bo’ladi. Tobe aloqada bir uzv ikkinchisiga nisbatan tobe, ikkinchisi esa unga nisbatan hokim vaziyatda bo’ladi. Mac, aniqlovchi — aniqlanmish, to’ldiruvchi — kesim, ega — kesim aloqalari tobe aloqadir: go’zal hayot, hunarni sevmoq, dalalar yashnamoqsa kabi. Ega — kesim munosabatida hokim qism, qolgan turdagi birikuvlarda esa tobe qism oldin keladi. Tobe aloqaning 3 xil turi bor: boshqaruv, moslashuv, bitishuv. Boshqaruv aloqasida tobe so’z hokim so’zning talabi bilan ma’lum grammatik shaklga kiradi, shu shakl orqali tobelanadi: bozorga bormoq, qalam bilan yozmoq. Moslashuv aloqasida tobe so’z o’z shaklini hokim so’zning shakliga moslaydi, hokim so’zning shakli o’zgarishi bilan tobe so’z ham unga Moe holda shaklini o’zgartiradi: men aytaman, sen aytasan; mening kitobim, uning kitobi kabi. Bitishuv aloqasida tobe so’z hokim so’zga grammatik shakl yordamida emas, balki tartib va ohang orqali bog’lanadi: musaffo osmon, tez gapirmoq kabi. Ad.: O’zbek tili grammatikasi, 2j., Sintaksis, T., 1976. Ilhom Madrahimov.