Tog’ay

Tog’ay — odam, ba’zi umurtqasiz hayvonlar va umurtqali hayvonlardagi biriktiruvchi to’qima turi; kollagen tolalar, qujayralararo zich moddadan iborat bo’lib, unda T. hujayralari (xondroblastlar va xondrositlar) joylashgan. Tayanch funktsiyasini bajaradi. Odam va hayvonlarda T. hamma suyaklarning tutashgan joyida, qovurg’aning ko’krakdagi uchida, quloqda, traxeya va bronxlar devorida va b. sohalarda uchraydi. Gialin, elastik va tolali T. farqlanadi. Nafas yo’llari, qovurg’alarning oldingi uchlari gialin T.; hiqildoq, tashqi eshituv yo’li, quloq suprasi elastik T.dan iborat. Umurtqalar tanasining orasi tolali T. dan tuzilgan. Embrionda T. skeletning ko’p qismini tashkil qiladi, voyaga etgan organizmda (T. li baliqlardan tashqari) suyaklarning bo’g’im yuzasinigina qoplab turadi va qovurg’alar, hiqildoq, kekirdak, bronxlar, quloq suprasi, burun va b. joylarda uchraydi.