Tojmahal

Tojmahal — Hindistondagi Boburiylar sulolasi davriga oid me’moriy yodgorlik (1631 — 52). Agra sh. yaqinidagi Jamna daryosi bo’yida Shoh Jahon suyukli xotini Arjumandga (mumtoz mahal begim, mumtoz Bibika Rauza nomlari bilan mashhur bo’lgan) atab vafotidan (1631 y. 7 iyul) so’ng qurdirgan. Keyinchalik o’zi ham shu erga dafn qilingan. Maqbara (loyiha me’mori Usto Ahmad Lahori) turk me’mori Muhammad Isoxon afandi boshchiligida bunyod etilgan. T. murabba tarhli, 3 qavatli, 5 gumbazli. Marmar supa (104x|04×7 m) ustiga qurilgan. 4 burchagidagi ingichka minoralar (bal. 45 m) maqbaraga o’zgacha husn bag’ishlagan. Devorlari oq marmar bilan qoplangan, turli rangdagi qimmatbaho toshlar (haqiq, marvarid, sadaf, qahrabo, Zumrad, yoqut, fil suyagi va b.)dan qadama naqshlar ishlangan. Bosh tarzi (eni 56,7 m) peshtoq ravokli. Maqbaraning old tomoniga 2 qator daraxtlar ekilgan, favvorali hovuz, gulzorlashtirilgan uzun yo’lka bor. Zinapoyalar bilan marmar supaga chiqib, o’yma naqshli eshikdan maqbaraga kiriladi. O’rtadagi katta gumbazli xonada qora marmarli sag’ana (Shri Lankadan keltirilgan) qo’yilgan. T. ning beqiyos husni bog’ning Jan. darvozasi orqali ko’zga yaqqol tashlanadi. Mahobatli bino qurilishida na faqat Hindiston, balki O’rta Osiyo, Eron, Vizantiya me’morlarining o’ziga xos uslublari o’z ifodasini topgan. Maqbara qurilishida g’isht teruvchi qandahorlik Muhammad Xanif, multonlik Muhammad Sayid, minorada mahalliy usta Ismoilxon Rumiy, samarqandlik Muhammad Sharif, lahorlik Kozimxonlar g’amda ko’pgina naqqosh va xattotlar qatorida buxorolik ota Muhammad va shukur naqqoshlar qatnashgan.