Toksinlar

Toksinlar — mikroorganizmlarning hayot faoliyatida hosil bo’ladigan zaharli moddalar. Hayvonlar va odam organizmiga tushganda ularni kasallantirish yoki halok qilish xususiyatiga ega. Bakteriyalar paydo qiladigan T. ancha to’la o’rganilgan. Bakterial T. ekzotoksinlar (bakteriyalar toksinni tashqi muhitga ajratib chiqaradi) va endotoksinlarga (ular bakteriyaning struktura komponenti bo’lib, bakteriya hujayralari emirilganidan keyin atrofmuhitga tarqaladi) bo’linadi. Ekzotoksinlar va endotoksinlar o’z xususiyatlariga ko’ra bir-biridan farq qiladi. Ekzotoksinlar juda zaharli. Tozalangan T. bir necha yuz marta faol bo’ladi. Ekzotoksinlarning organizmga ta’siri ma’lum yashirin davrdan so’ng yuzaga chiqadi. Endotoksinlar ancha tez ta’sir qiladi, lekin ularning zaharliligi ekzotoksinlarnikicha emas. Ko’pchilik ekzotoksinlar 60-80° da 10-20 min. da parchalanadi. Endotoksinlar issiqqa juda chidamli — ancha yuqori trada yoki uzoq vaqt qaynatilganda parchalanadi. T. muzlatilganda va muzdan tushirilganda kuchi qirqilmaydi. Ular quritilgan holatda ham yaxshi saqlanadi. Formalin va issiq ta’sirida ekzotoksinlarning zaharlilik xususiyati yo’qoladi, biroq bunda immunitetning kuchaytirish xususiyati saklanib qoladi. Bir qancha infektsion kasalliklarning oldini olish va davolashda qo’llanadigan anatoksinlarni olish shunga asoslangan. Ekzotoksinlar organizmga kiritilganda kuchli o’ziga xos xossaga ega bo’lgan antitelolar (q. Immunitet) paydo qilish xususiyatiga ega. Ana shu xususiyat davolash va profilaktika maqsadida ishlatiladigan zardobni olish va qo’llash imkonini beradi. Hayvonlar va o’simliklardan olinadigan bir qancha mahsulotlarning biologik xususiyatlari bakterial T.ga juda yaqin, mas., o’simlik zaharlari, ilon, chayon, qoraqurt zahari va b.