Toksoplazmoz

Toksoplazmoz — ichki a’zo va sistemalar funktsiyasini izdan chiqaradigan parazitar kasallik; bir hujayrali sodda hayvon — toksoplazmalar qo’zg’atadi. Odam, hayvon (cho’chqa, quyon, qoramol, qo’y, kiyik, tulki, Olmaxon, yumronqoziq) va parrandalar (tovuq, o’rdak, kaptar)da uchraydi. Kasallik manbai, asosan, itlar, Mushuklar va T. bilan og’rigan bemor hisoblanadi; ular o’zlarining so’lagi, siydigi, najasi, suti, burun shilimshig’i orqali tashqi muhitga ko’plab kasallik qo’zg’atuvchisini tarqatadi. Toksoplazmalar odamga ovqat mahsulotlari (xom go’sht, pishirilmagan sut, xom tuxum) orqali, shuningdek, bevosita kasal hayvonlar bilan muloqotda bo’lganda (chorvachilik xo’jaliklari va go’sht kti xodimlari yoki teriga ishlov beruvchilar) yuqishi mumkin. Uy sharoitida, ayniqsa, ayollar qiyma ta’mini totib ko’rganida ham toksoplazma yuqadi. Toksoplazma shilliq pardalar (og’iz, burun, ko’z shilliq pardasi) yoki chaqalangan teriga tushishi, shuningdek, transmissiv va b. yo’llar bilan yuqishi mumkin. Odam organizmiga tushgan toksoplazma qon tomirlar orqali turli a’zolar (miya, ko’z, jigar, taloq, yurak va limfa bezlari)ga tarqaladi va shu a’zolarning zararlanishiga sabab bo’ladi. Tug’ma va orttirilgan T. farq qilinadi. Tug’ma T.da kasallik ona organizmidan qon orqali homilaga o’tadi. T. homilaga dastlabki oylarda yuqsa, bola tushadi yoki ulik, yoxud majruh bo’lib tug’iladi. Orttirilgan T. o’tkir va surunkali kechadi. O’tkir T.da bemor isitmalaydi, boshi, muskullari og’riydi; limfa bezlari, ko’z, teri, miya qobiklari va ichki a’zolariga putur etadi. Surunkali T. yillab cho’zilishi mumkin. Bunda bemorning trasi yuqori bo’ladi, boshi og’riydi; quvvatsizlik, asabiylashish kuzatiladi; ko’rish, xotira va ish qobiliyati pasayadi; jigar, taloq va limfa bezlari shishadi; gepatit, miokardit, zotiljam yuzaga kelishi mumkin. Kasallikning oldini olish uchun kasal uy hayvonlarini aniqlash va ularni ajratib qo’yish; bolalarni it, mushuk bilan o’ynashlariga yo’l qo’ymaslik lozim. Iste’mol qilinadigan go’sht, sut mahsulotlarini albatta yaxshilab pishirish yoki qaynatish kerak.