Topografik anatomiya

Topografik anatomiya — a’zolarning o’zaro joylashuvi va ularning qon tomiri hamda nervlarga nisbatan munosabatini o’rganadigan fan. Amaliy ahamiyatga (xirurgiyada) ega. T.a. tanani ayrim sohalarga ajratib o’rganadi. T.a.da normal anatomiya usullaridan tashqari, murdani qavatmaqavat kesib ochish, muzlatilgan tanani arralash, rangli bo’yoqlar yuborib tomirlarni to’ldirish, rentgenografik, rentgenoskopik va h.k. usullar ham qo’llanadi. T.a.ning ahamiyati faqat operativ xirurgiya fani doirasi bilan chegaralanib qolmaydi. Tibbiyotning har qanday sohasiga, xirurgiya kabi, topografikanatomik ma’lumotlar ham zarur. Mas., ichki kasalliklar shifokori (terapevt) a’zolarning patologik holati to’g’risida fikr yuritish uchun ularning akstasviri (chegaralari)ni, fiziologik siljish hududlarini, a’zolar shakli va tutgan o’rnining turli yosh va jinslardagi, har xil qomatli kishilarda qanday bo’lishi mumkinligini bilishi, asab shifokori esa biror patologik jarayonning (o’sma, qon quyilishi) o’rnini aniqlash uchun bosh va orqa miya hamda ularning o’tkazuvchi yo’llari topografiyasini bilishi zarur va h.k. T. a.ni dastlab, 18-a.da rus Anatomi P.A. Zagorskiy (1789-1846), so’ng xirurg I. V. Buyalskiy (1789— 1866) o’rgandi. 19-a.da N. I. Pirogovningtadqiqotlari T. a.ni fan sifatida shakllantirdi. O’zbekistonda T.a. sohasidagi dastlabki i.t. 20-y.larda boshlandi; 1920 y.da Turkiston unti tibbiyot FTI qoshida tashkil etilgan birinchi kafedrada prof. V. F. Voynoyaseneskiy boshchiligida yiringli jarroxlik, keyinchalik B. A. Stekolnikov rahbarligida kollateral qon aylanishi va ichki a’zolar innervasiyasi tajribada o’rganildi. 60-y.larda prof. F.F. Amirov boshchiligida kekirdak va bronxlarni plastik operasiya qilishga oid tadqiqotlar olib borildi va u klinik amaliyotga tatbiq qilindi. Me’daning surunkali yallig’lanish modeli ishlab chiqildi, birinchi bo’lib gastroskopiya qo’llanildi, yallig’lanish kasalliklarida Markaziy va periferik nerv sistemalarining o’zgarishi chuqur o’rganildi (S. A. Dolimov). 70-y.lardan Toshkent tibbiyot intida pulmonologiya, yurak tomir patologiyasi, jarroxlik tikish materiallarining yangi turlari o’rganildi va tatbiq etiddi (N. H. Shomirzaev), Samarqand tibbiyot intida diafragmaning topografik anatomiyasi va jarrohligi (V. Ya. Barakov), Andijon tibbiyot intida ichki a’zolarning yoshga bog’liq topografiyasi (I. Q. Qosimxo’jaev), Toshkent vrachlar malakasini oshirish intida novokainli blokadalarning turli xil usullari (A. G’. Mirzamuhamedov), Toshkent tibbiyot pediatriya intida yoshga qarab tayanchharakat apparatining o’zgarishi o’rganildi (Sh. M. Ahmedov).