TO’RA
TO’RA, to’ru (tora, toru) — 1) qonun, qoida, intizom, urf-odat. Qadimgi turkiylar ijtimoiy hayotini tartibga solgan majburiy qoida (norma)lar majmui. Turkiy davlatlarda hukmdorning burch va majburiyatlari, vazifasi, shuningdek, jamiyatdagi huquq va jazoni belgilash To’ra asosida amalga oshirilgan. To’ra so’zi «qonun» ma’nosida ilk bor Xitoy yilnomalarida (4-asr) uchraydi. Shuningdek, Urxun-yenisey bitiktoshlarida Turk xoqonligining qonunlari sifatida tilga olinadi. Bilga xoqon bitiktoshida «to’y marosimi» ma’nosida qayd etilgan. Chingizxon tomonidan joriy etilgan ko’chmanchilarga xos huquqiy odatlar ham qadimgi turkcha To’ra asosida belgilangan. Mo’g’ul davlatining qonun-qoidalari Chingizxon yasosida, Temuriylar saltanati tartib-intizomlari esa, «Temur tuzuklari»da o’z ifodasini topgan; 2) janob, Shahzoda ma’nosida ishlatilgan. Ota tomonidan Muhammad payg’ambar avlodlari, ona tomondan esa Chingizxon avlodlari — oqsuyaklar toifasidan bo’lganlar To’ra deb atalgan; 3) Buxoro amirligi va xonligida Amir va xon o’g’illari hamda Turkistonda rus podshosi ma’murlari ismsharifiga qo’shib aytilgan atama; 4) qadimgi davrlarda urushlarda ishlatiladigan, odam bo’yi keladigan qalqon.