Toshkent kuranti

Toshkent kuranti — Toshkentdagi tarixiy me’moriy yodgorlik. 2-jahon urushida qozonilgan g’alaba sharafiga shahar markazida qurilgan (1947, me’mori A. Muhamedshin; bezagida usta Shirin qatnashgan). Minorasiga o’rnatilgan soatni A. Ayzenshteyn, V. Solihov, L. Malikov, A. Xisan, G. Strelsovlardan iborat soatsozlar brigadasi 4 tsiferblatli qilib T.k. minorasiga o’rnatishgan. Zil-zila (1966) natijasida soat buzilgan, zudlik bilan ta’mirlanib, ishga tushirilgan. T.k. shahar me’moriy ansamblining Markaziy xiyobonidagi tarkibiy qismidir. T.k. qurilishida milliy me’morlik va amaliy bezak san’ati an’analari qo’llanilgan. G’ozgon marmari bilan qoplangan va jezdan ishlangan metall qismlari o’zaro uyg’unlashgan. Minoraning quyi qismiga o’zbekistonlik qahramonlar nomi bitilgan marmar lavha o’rnatilgan. T.k. har chorak, yarim va bir soatda zang urib turadi. 1991 y.da ta’mirlangan.