Toshmatov G’anijon
Toshmatov G’anijon (1913.27.6, Asaka — 1994.14.2, Toshkent) — sozanda (g’ijjak), bastakor. O’zbekiston xalq artisti (1973). Sozandalikni dastlab otasi T. Shomatov, akalari Karimsher, Abdulla va Muhammadalilar, keyinchalik S. Siddiqovdan, kuy bastalashni T. Jalilovdan o’rgangan. Toshkent konservatoriyasining tayyorlov kursida o’qigan (1947-49). T. dastlab mohir sozanda sifatida tanilgan. Andijon (1932— 34), Farg’ona musiqali teatrlarida sozanda va musiqa rahbari (1934-39), Muqimiy teatri (1939— 46), O’zbekiston radioqo’mitasi xalq cholg’u asboblari orkestrida sozandakontsertmeyster (1946-67) va rahbar (1949-53) bo’lib ishlagan. «Ushshoq», «Segoh», «Nasri Segoh», «Dugoh», «Farg’ona Buzrugi», «Surnay Buzrugi», «Chapandozi Bayot» kabi o’nlab maqom yo’llari, «yalang Davron», «nisor», «Munojot», «Tanavor», «Tong otguncha» kabi xalq kuylarini, o’zi bastalagan «kezarman», «Guljamol» va b. murakkab asarlarni ijro etgan. T. O’zbekiston radiosida Uyg’ur ansambli (1967-78), O’zbek xalq etnografik ansambli (1978-79), «Dutorchi qizlar ansambli»ning tashkilotchisi va badiiy rahbari (1979-94, 1996 y.dan T. nomida), «maqom» ansambli badiiy rahbari (1987-88) bo’lib, o’zbek mumtoz musiqasi rivojiga katta hissa qo’shgan. T. unutilib ketgan ko’plab ashula, Yalla, laparlarni tiklab, kontsert dasturlarini boyitgan. Bastakorlikni Farg’ona teatrida boshlagan. «Layli va Majnun» (1935), «Farhod va Shirin» (1936) kabi spektakllarga uning kuylari kiritilgan. Keyinchalik B. Zeydman bilan hamkorlikda «Qari qiz» (T. To’la librettosi, 1965) musiqali dramasini yaratgan. Ijodida o’zbek va uyg’ur xalqlari musiqa merosi an’analarini uyg’unlashtirib, 400 ga yaqin asar (asosan, qo’shiq, Yalla, cholg’u kuy va ashula)larida o’ziga xos Qurama uslub yaratishga muvaffaq bo’lgan. «Istadim», «Ey, begim», «qora zulfing» (Navoiy she’rlari), «Hayhay sanam», «Uldiroyin dermisan» (Mashrab), «Menga nomehribon bo’ldi» (Huvaydo), «dedimki» (Bedil) kabi ashulalari keng tarqalgan. Uyg’ur ansabli uchun kuy va qo’shiqlar («Uyg’ur qizlari» va b.), «Andijon sanami» nomli 3 qismli vokalraqs syuita yaratgan. Uyg’ur 12 muqomini tiklashda faol qatnashgan. T. 1930-y. lardan Yusufjon qiziq, J. Sultonov va boshqalar bilan askiya janrining ustalaridan bo’lib, uning ommaviylashuviga hissa qo’shgan. T. ijrolari O’zbekiston radio va televideniesi fono va videojamg’armalariga, gramplastinkaga yozilgan. «O’zbektelefilm» studiyasida T. ijodiga bag’ishlantan film yaratilgan (1991).