Toyloq tumani

Toyloq tumani – Samarkand viloyatidagi tuman. 1992 y. 9 apr.da tashkil etilgan. Viloyatning Jan.Sharqiy qismida. Shim.dan Jomboy va Bulung’ur, Jan. va sharqdan Urgut, g’arbdan Samarkand tumanlari bilan chegaradosh. Mayd. 0,28 ming km2. Aholisi 134,3 ming kishi (2003). T.da 9 qishloq fuqarolari yig’ini (Adas, Bog’izag’on, Jumabozor, G’ulba, Madaniyat, Sochakibolo, Tepaqishloq, Toyloq, Qo’rg’oncha) bor. Markazi — Toyloq qishlog’i. Tabiati. Tuman hududi Zarafshon daryosining hoz. davr qayirlari hamda ko’hna qayir (terrasa)laridan iborat bo’lib, asosan, tekislik. Zarafshon daryosi keltirgan oqindi (qum, shag’altosh, loyqalar)dan tarkib topgan. Ular ustini 5-10 m qalinlikdagi lyoss yotqiziqlari qoplagan. Tuman hududidan Markaziy magistral, Darg’om kanallari va Zarafshon daryosi, Krrasuv soyi oqib o’tadi. Tuprog’i bo’z, o’tloqbo’z, o’tloqbotqoq va allyuvial tuproq. Foydali qazilmalari, asosan, shag’altosh, qum va lyosslardan iborat. Iklimi keskin kontinental. Iyulning o’rtacha trasi 25,9°, yanv.niki 0,2°. Vegetasiya davri 215-230 kun oralig’ida. Yiliga 320-350 mm yog’in tushadi. Tuman hududidagi qayirlarda to’qayzorlar mavjud bo’lib, bu erda yovvoyi jiyda, tol, qamish, turang’il o’sadi. Tuman hududidagi ekin ekilmagan erlarda ajriq, yulg’un, shuvoq, bug’doyiq, yantoq, yalpizlar uchraydi. Qushlardan mayna, chumchuq, qarg’a va b. bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar, koreys va b. millat vakillari ham yashaydi. Aholi zichligi 1 km2ga 480 kishi. Xo’jaligi. Tuman xo’jaligi, asosan, qishloq xo’jaligi. mahsulotlarini etishtirish va ularni qayta ishlashga ixtisoslashgan. Sanoatida ta’mirlash, aloqa va aholiga maishiy xizmat ko’rsatish korxonalari, meva konserva zdlari bor. T. t.da yirik, o’rta, kichik korxonalar hamda mikrofirmalar faoliyat ko’rsatib turibdi. Meva konservalari, non, qandolatchilik va sharob mahsulotlari, salqin ichimliklar, qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Tumandagi ixtisoslashgan mikrofirmalar tomonidan aholiga maishiy xizmat ko’rsatish (avtomobil, muzlatkich, radio, televizorlarni ta’mirlash va b.) ishlari amalga oshiriladi. 2 ta qo’shma korxona, shu jumladan, Uzbekistan— AQSh «Adas—Agro Invest» (uzumni qayta ishlaydi), O’zbekiston—Rossiya «Tonigrin» (mevani qayta ishlaydi) mahalliy xom ashyo asosida ishlamoqda. Q.x.ning etakchi tarmog’i — dehqonchilik. Tumanda 5620 ga erga g’alla, 1994 ga erga sabzavot, 307 ga erga kartoshka, 2697 ga erga ozuqa ekinlari ekiladi. Ko’p yillik daraxtzorlar 4686 ga (shundan, bog’lar 1446 ga, tokzorlar 2490 ga, tutzorlar 692 ga). Bo’z erlar va yaylovlar 2336 ga (2003). T. t.da 11 shirkat, 482 fermer xo’jaligi faoliyat ko’rsatadi. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 63,2 ming qoramol (shu jumladan, 29,4 ming sigir), 18,9 ming qo’y va echki, 70,7 ming parranda, 300 dan ziyod yilqi bokilmoqsa (2003). 2003/04 o’quv yilida tumandagi 55 umumiy ta’lim maktabida 40,4 mingdan ziyod o’quvchi, «Olimpiya zaxiralari» kollejida 512 talaba ta’lim oldi. 31 kutubxona, madaniyat va istirohat bog’i mavjud. T.t.da 9 kasalxona, 23 feldsherakusherlik punkti, 12 qishloq davolash bo’limlari va b. tibbiy muassasalarda 202 vrach ishlaydi. 1994 y.dan «Qo’shchinor» tuman gaz. chop qilinadi (adadi 2000).