Triumf

Triumf (lotincha triumphus) — 1) qadimgi Rimda Muzaffar sarkardaning qo’shin bilan poytaxtga (Mars maydonidan Kapitoliydagi Yupiter ibodatxonasigacha) tantanali kirib kelish marosimi. Triumf Senat qarori bilan o’tkazilgan va sarkarda uchun eng oliy mukofot sanalgan. Triumf marosimini senatorlar boshlab berishgan, ularning ketidan sozandalar va qo’shiqchilar kuzatuvida 4 ta oq ot qo’shilgan jang aravasida g’olib sarkarda (triumfator) borgan. Jangchilar o’lja va badavlat, zodagon asirlarni olib o’tganlar. Triumf Rimning zafarli urushlari davrida (miloddan avvalgi 3— 1-asrlar) 2-3 kun davom etgan. Imperiya davrida Triumflik sharafiga imperator va uning yaqin qarindoshlarigina sazovor bo’lishgan; 2) ko’chma ma’noda — ajoyib muvaffaqiyat, buyuk g’alaba.