Trixinellyoz

Trixinellyoz — odam va hayvonlarda uchraydigan gijja kasalligi; yumalok, chuvalchanglar sinfiga mansub trixinellalar qo’zg’atadi. Etuk trixinellalar 1,5—4 mm kattalikda bo’lib, odam yoki hayvonning ichak shilliq qavatida parazitlik qiladi, urgochisi ingichka ichakda tirik lichinkalar tug’adi va ular ichak shilliq qavatidan qon tomirlariga o’tadi, qon aylanish sistemasi orqali ko’ndalangtarg’il muskullarga joylashadi; shu joyda spiralga o’xshab o’ralib oladi, o’sib, ohakli kapsula hosil qiladi. Sog’lom kishilar kasallangan hayvon go’shtini chala pishirib iste’mol qilganda zararlanadi. Odamga T., asosan, cho’chqa yoki ov hayvonlari (ayiq, morj, bo’rsiq) go’shti orqali yuqishi mumkin. Inkubasion davri 2-3 hafta. Kasallik yuqqanda dastlab bemorning t-rasi ko’tariladi, ko’zi qizaradi, yorug’likdan qo’rqadi, muskullari, ba’zan korni og’riydi, ichi ketadi va h.k. Qovoklar, yuz salqiydi, ba’zan ko’z butunlay yumilib qolishi mumkin. Shuning uchun T. xalq orasida «yuz salqishi» deb yuritiladi. Bemor kasalxonada davolanadi. T. ning oldini olish uchun cho’chqalarni sanitariyagigiena qoidalari asosida boqish, ularning o’limtik kemiruvchilar eyishiga zinhor yo’l qo’ymaslik zarur.