Trixofitiya

Trixofitiya (Yun. trichos — qil, soch va phyton — o’simlik), qirma temiratki (moyxo’rak) — zamburug’lar qo’zg’atadigan yuqumli kasallik. T. ni parazit zamburug’larning bir necha turi qo’zg’atadi. Ulardan ayrimlari faqat odamda parazitlik qilib, T.ning yuzaki shaklini keltirib chiqaradi. Boshqalari, asosan, hayvonlar (sichqon, kalamush, sigir, ot, qo’y va b.)da parazitlik qiladi; T. bilan zararlangan odamlarda uning chuqur shakli paydo bo’ladi. Yuzaki T. bilan, asosan, bolalar, ayrim hollarda kattalar, ayniqsa, ayollar kasallanadi. Bunda teri va boshning sochli qismi, kamroq soqol va mo’ylov kasallanadi. Kasallik sog’lom odamga bemordan yoki uning buyumlari (bosh kiyim, taroq va b.)dan o’tadi. Zamburug’tushgan terida 5-7 kundan so’ng dumaloq qizil yallig’langan dog’paydo bo’lib, tezda kattalashadi va qipiklanadi. Boshning sochli qismidagi zamburug’lar teridan tezda sochga o’tadi. Soch tolalarining tusi o’zgaradi, mo’rtlashadi, zararlangan joydagi tolalar to’kilib ketadi, tirnoqlar ham zararlanadi. Chuqur T.da odam badanida va boshning sochli qismida, soqol, mo’ylovlarda yiringli yara (q. Abssess) paydo bo’ladi. Ular og’rib, bemorning umumiy ahvoli yomonlashadi, ba’zan trasi ko’tariladi. Agar vaktida davolanmasa, soch to’kilib ketadi. T.ning chuqur shakli ko’pincha sut sog’uvchilar va cho’ponlarda kuzatiladi. Hoz. jinsiy yo’l bilan yuqadigan qov soha T.si ham aniklangan. T. bilan og’rigan bemor kasalxonada davolanadi. Teri T.si qisqa vaqt ichida tuzalib ketadi. Soch va tirnoq T.si uzoq davolanishni taqozo etadi. Chuqur T.ning oldini olish uchun sichqon va kalamushlarga qarshi kurash olib boriladi.