Trolleybus

Trolleybus (ing. troley — kontakt simi va bus — avtobus) — kontakt tarmogi (ko’chalarga tortilgan sim) dan 2 «shoxi» (dugasi) orqali tok bilan ta’minlanadigan relssiz shahar elektr transporti. T. yaratish va undan foydalanish ishlari 19-a. 80-y.larida Germaniyada olib borilgan. T.ni ishlab chiqishda kontakt tarmog’idan tok olish masalasi ancha qiyin bo’lgan. T. dastlab 20-a. 30-y.larida Evropa mamlakatlarida qatnay boshlagan. Toshkentda T. qatnovi T.y. vokzali — eski jo’va marshruti bo’yicha 1947 y. boshlangan. Manyovrchanligi, shovqinsizligi va relssiz harakatlanishi T.ning tramvaydan afzalligi, kontakt osmasining murakkabligi kamchiligidir. Arzon elektr energiyadan foydalanishi, gaz chiqarmasligi, ishlatishning oddiyligi va ishonchliligi bilan avtobusdan ustun turadi. T. dvigatelining kuvvati 120 kVt, kontakt tarmog’idagi kuchlanishi 500-600 V. Ko’pchilik T. 2 o’kli, 2 yoki 3 eshikli qilib ishlab chiqariladi. Katta shaharlarda ko’p o’kli T.dan foydalaniladi. T.ning tezligi 65-70 km/soat, o’rtacha 50-70 kishi sigadi. Asosiy elektr jihozlari: o’zgarmas tok elektr dvigateli, ventilyator, kompressor va past kuchlanishli asboblar, yoritish hamda signal apparaturalarini ta’minlovchi generatorlarni aylantiradigan yordamchi elektr dvigatellar. Mexanik qismlari: transmissiya, yurish qismi, boshqarish organlari. Transmissiya kardanli uzatma va differentsial uzatmadan iborat. Yurish qismi (ressora osmasi, g’ildirak gupchaklari va b.) ko’p o’rinli avtobus va og’ir yuk mashinalarinikiga o’xshash. Oyoq tormozi — pnevmatik, qo’l tormozi — mexanik. Rul boshqarmasi mexanizmlari avtomobillarnikiga o’xshash. T.dan shaharlararo marshrut larda ham foydalanish mumkin. O’zbekistonda T. Olmaliq, Samarqand, Toshkent, To’raqo’rg’on, Farg’ona sh.larida va Urganch — Xiva yo’nalishida qatnaydi. Toshkent sh.da 15 ta T. marshruta bor (2004).