Tromb
Tromb (Yun. thrombos — laxta) — organizm tirikligida tomir yoki yurak bo’shlig’ida ivib qolgan qon. Qon ketishi natijasida tomirdan tashkaridagi qon laxtasi va limfa tomirlarida limfaning ivib qolishi ham T. deyiladi. T. hosil bo’lishi trombositlar agglyutinasiyasi, fibrinogen koagulyasiyasi, eritrositlar agglyutinasiyasi va qon plazmasi oqsillari presipitasiyasi kabi bosqichlardan iborat. Oq, qizil, aralash va gialin T. ajratiladi. Oq T. trombositlar, fibrin va leykositlardan tarkib topib, qon tez oqishida (aksari arteriyada) sekin hosil bo’ladi. Qizil T., asosan, eritrositlar (kamroq leykositlar)dan iborat, sekin qon oqishida (ko’proq Venada) tez yuzaga keladi. Kizil va oq T.ning qatqat aralashmasidan tuzilgan, yuzasi gofrirli aralash T. ko’p uchraydi. Gialin T. tomir kapillyarlarida vujudga kelib, gomogenlashgan oqsil massasidan tarkib topgan. Tomir devori T.i (tomir devorida hosil bo’lib, ammo uning bo’shlig’ini berkitmagan) va tiqilgan T. (tomir bo’shlig’ini berkitib qo’ygan T.) bo’ladi. Tomir devori T. i endokardit, yurak poroklari va b.da, aksari yurakda, aterosklerozda yirik arteriyalarda, tromboflebitda vena tomirlarida vujudga keladi. Bu xil T. kattalashsa (tikilgan T.) tomir bo’shlig’ini berkitib qo’yadi. Dimlanish T.i (tomirda kon dimlanib qolishidan kelib chiqadi, ko’proq yurak faoliyati etishmovchiligida uchraydi) va tomir bo’shlig’iga qarab tez o’sadigan T. ham bor. T. so’rilishi yoxud biriktiruvchi to’qimaga qo’shilib ketishi, yiringlab, sepsista olib kelishi mumkin.