TSENZURA

TSENZURA (lotincha censura — jiddiy muhokama, shafqatsiz tanqid) — bosmadan chiqadigan mahsulotlar, ularning chop etilishi, tarqatilishi ustidan, shuningdek, sahna asarlari, radio-eshittirishlar va televizion ko’rsatuvlar, ba’zida esa shaxsiy yozishmalarning mazmuni va ijrosi ustidan rasmiy hokimiyat organlarining nazorat o’rnatishi. Ilk bor Tsenzura 15-asrda G’arbiy Yevropada paydo bo’lgan va cherkov ma’murlari tomonidan ilohiy va boshqa diniy qo’lyozma kitoblarga nisbatan qo’llangan. Cherkov Tsenzurasi rasmiy cherkov aqidasiga zid keladigan qo’lyozmalarni, bid’atchilar kitoblarini mutlaqo taqiqlagan. Yevropada matbaachilikning o’sishi bilan Tsenzura tizimi ham rivojlandi. 1471 yildan diniy mazmundagi kitoblar faqat cherkov ma’muriyatining ruxsati bilan nashr etiladigan bo’ldi. 16-asrdan Tsenzura diniy hokimiyatdan asta-sekin dunyoviy hokimiyatga ham o’ta boshladi: bosmaxonalari bo’lgan barcha G’arbiy Yevropa mamlakatlarida Tsenzura tartibi o’rnatildi. Tsenzura organlari tarmog’i kengayib bordi, Tsenzura qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Buyuk frantsuz inqilobi va boshqa inqiloblar fuqarolarga o’z fikrini erkin ifodalash huquqi berilishini va Tsenzuraning bekor etilishini e’lon qildi. Biroq ko’pgina mamlakatlarda matbuotda cheklashlar davom etaverdi. Rossiyada chorizmning qattiq Tsenzura tartibi tufayli ko’pgina gazeta va jurnallar o’z faoliyatini to’xtatishga majbur bo’lgan. Turkistonda ham Rossiya podshosining Tsenzura organlari ishlagan. Tsenzura ayg’oqchilari bu yerda har bir matbuot organidan ko’z-quloq bo’lib turgan, o’zi uchun nomaqbul hisoblangan chiqishlarni taqiqlagan. Sobiq sho’rolar davrida esa 1922 yildan matbuotda davlat sirlarini saqlash Bosh boshqarmasi (Glavlit) va uning respublikalardagi boshqarmalari tomonidan Tsenzura amalga oshirib kelingan. Hozirgi zamon konstitutsiyalarining aksariyatida so’z va axborot erkinligi e’tirof etilib, Tsenzura to’g’ridan-to’g’ri taqiqlansa-da, dunyoning barcha mamlakatlarida ba’zi hollarda, jumladan, favqulodda holat e’lon qilingan vaqgda ziyon yetkazuvchi yoki noma’qul deb hisoblangan g’oyalar va ma’lumotlar tarqatilishini oldini olish choralari ko’rilib, Tsenzurani joriy etishga yo’l qo’yiladi. O’z vazifalariga ko’ra, Tsenzura bevosita va bilvosita bo’lishi mumkin. Bevosita Tsenzura axborot manbalariga, ularni tarqatuvchi vositalarga davlat tomonidan maxsus, ochiqdan-ochiq qat’iy nazorat o’rnatadi. Tsenzurani amalga oshiradigan tashkiliy-ma’muriy tizim yaratiladi va u bevosita ommaviy axborot vositalari va boshqa ma’lumot tashuvchilar faoliyati bilan shug’ullanadi. Bunday idora vakolatlari davlat sirlarini oshkor etmaslikni nazorat qilish bilan asoslantiriladi, urushni targ’ib qilish, pornografiya tarqatish, millatlararo va dinlararo nizolarni keltirib chiqarish kabilarni taqiqlaydi yoki hukmron tartibni biror-bir tarzda tanqid qilishga yo’l qo’ymaslik uchun barcha mavjud axborotni qamrab oladi. Bunday Tsenzura zamonaviy davlatlarning ko’pchiligida Konstitutsiya tomonidan taqiqlanadi. Bilvosita Tsenzura jahonning barcha davlatlarida mavjud. U axborot yaratuvchilarga turli (eng avvalo, iqtisodiy vositalar orqali) ta’sir ko’rsatishda o’z ifodasini topadi. Bilvosita Tsenzuraning turlaridan biri o’zini o’zi Tsenzura qilishdir, ya’ni axborot yaratuvchining o’zi nazorat qiladi. Tsenzurani amalga oshirish usuliga ko’ra, dastlabki va keyingi Tsenzuraga bo’lish mumkin. Dastlabki Tsenzura kitob chiqarish, sahna asarlari qo’yish va sh.k.da ruxsat olish zaruratini nazarda tutadi. Keyingi Tsenzura esa e’lon qilingan nashrlarni baholashdan iborat bo’lib, ushbu talablarni buzgan shaxslarga nisbatan man etuvchi va cheklovchi choralarni nazarda tutadi. O’zbekistan Respublikasi Konstitutsiyasining 67-moddasiga muvofiq, Tsenzuraga yo’l qo’yilmaydi. Axborot olish va tarqatish kafolatlariga oid «axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to’g’risida» (2002 yil 12 dekabr), «Axborotlashtirish to’g’risida» (yangi tahrirda, 2003 yil 11 dekabr), «Ommaviy axborot vositalari to’g’risida» (1997 yil 25 dekabr), «Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to’g’risida» (1997 yil 24 aprel)gi qonunlar qabul qilingan. Narzulla Jo’rayev, Akmal Saidov.