TSIN SHIXUANDI

TSIN SHIXUANDI, in Chjen (miloddan avvalgi 259-210) — Tsin saltanati podshosi (miloddan avvalgi 246— 221), Xitoy imperatori (miloddan avvalgi 221-210). Tsin hukmdorlari xonadoniga mansub bo’lgan. Xitoydagi oltita podsholikni bosib olib, miloddan avvalgi 221 yil yagona markazlashgan Tsin imperiyasini barpo etgan va o’zini birinchi Xitoy imperatori — Tsin Shixuandi deb e’lon qilgan. Uning davrida, miloddan avvalgi 215/214 yil Buyuk Xitoy devorini ilgari mavjud bo’lgan chegara istehkomlari bilan yaxlit holga keltirish jarayoni boshlangan. Tsin Shixuandi qo’lida qonun chiqarish, oliy ijroiya va sud hokimiyati to’plangan. O’z hokimiyatiga nisbatan har qanday tanqidiy munosabatlarga barxam berish maqsadida miloddan avvalgi 213 yil xususiy shaxslar qo’lida saqlanayotgan gumanitar adabiyotlarni yoqish haqida farmon chiqargan. 212 yil Tsin Shixuandi imperator hokimiyatiga qarshi xalqni ko’tarmoqchi bo’lgan 460 ta Konfutsiy dini arboblarini qatl ettirgan. Tsin Shixuandi davrida zulm kuchaygan, uning vafotidan so’ng xalq qo’zg’olonlari ko’tarilib Tsin imperiyasi barham topgan. Imperator hozirgi Sian yaqinidagi dafn etilgan yeri bilan Shuhrat qozongan; maqbarani 700 ming asir-qul barpo etgan. Tsin Shixuandi o’limidan so’ng ham harbiy kuchga tayanish uchun 6 ming jangchisi va otlarning bo’y baravar kattalikdagi haykallarini yasashni buyurgan. Tsin Shixuandi vafot etganida barcha haykallar ham u bilan qo’shib ko’milgan. 1974 yil Tsin Shixuandi dafn etilgan joydan jangchilar va otlarning bo’y baravar kattalikda ishlangan terrakota haykallari (miloddan avvalgi taxminan 210 yil) topilgan.