TSITOGENETIKA

TSITOGENETIKA (TSITO… va genetika) — genetikaning bir sohasi; irsiyat va o’zgaruvchanlik qonuniyatlarini hujayra va subhujayra (asosan xromosoma) darajasida o’rganadi. Tsitogenetikaning nazariy asoslari 20-asr boshlarida shakllangan irsiyatning xromosoma nazariyasi hisoblanadi. Tsitogenetikaning rivojlanishi davomida belgilarning ajralishi va mustaqil taqsimlanishi, genlarning birikib irsiylanishi va krossingover hodisalarining tsitologik asoslari ochib berildi. Genetik qarindoshlikning ko’rsatgichi hisoblangan xromosomalar konyugasiyasining o’rganilishi natijasida yapon tsitogenetigi X. Kixara tsitogenetik metodlardan biri bo’lgan genom analiz metodini ishlab chiqdi (1924). Xromosomalar tarkibi va holatini tahlil qilish natijasida mitoz va meyoz jarayonida xromosomalar to’plamida chuqur o’zgarishlar ro’y berishi aniqlangan. Tsitogenetikada elektron mikroskopiya, rentgenostruktura tahlili va boshqalar zamonaviy metodlarning qo’llanishi xromosomalarning nozik tuzilishi to’g’risidagi tasavvurlarni kengaytirdi; xromosoma moddasi (xromatin)ni tadqiq qilishga, replikasiya, transkripsiya va translyasiya jarayonlarida xromosomalar funktsiyasini aniqlashga imkon berdi. Tsitogenetika dalillari kariotiplar evolyutsiyasi, ya’ni tur hosil bo’lishini tushunib olishda, qishloq xo’jalik va tibbiyotda organizmda kechadigan jarayonlarni asoslab berishda ahamiyatga ega.