Turdi, Turdiy

Turdi, Turdiy (asl ismi va taxallusi; forstojik she’rlaridagi taxallusi esa Farog’iy) (17-a., Buxoro — taxm. 1699/1700, Xo’jand) — shoir. Buxoro madrasalarida ta’lim olgan. Abdulazizxon davrida saroyning amaldorlaridan, yuz urug’ining ko’zga ko’ringan siyosiy arboblaridan bo’lgan. Subhonqulixon taxtga chiqqach, saroydan uzoqlashtirilgan. Ashtarxoniylarga qarshi 1685-86 y.larda ko’tarilgan xalq isyonida faol ishtirok etgan. Isyon bostirilgach, T. Jizzax, so’ng Xo’jandga borib, muhtojlik va uzluksiz ma’naviy tushkunlikda kun kechirgan. T. o’zbek va fors tillarini yaxshi bilgan. «Dar mazammati sipohigari» she’rida o’zining asosiy kasbkori sipohiylik («harbiylik») bo’lganini, shu kasbi bilan uzoq yillar nimalarnidir tama’ qilib, shohlarga xizmat qilganini, lekin oxiroqibatda hech narsaga erisha olmaganini afsus bilan ma’lum qilgan. Lekin qarbiylik bilan bir qatorda T. o’z zamonasining o’qimishli, Sharq adabiyotidan mukammal xabardor, hayot, jamiyat haqida keng tushunchaga ega kishilaridan bo’lgan. Uning jamiyatda tutgan mavqei esa o’z atrofida yuz berayotgan voqeahodisalarga faol aralashishni taqozo etgan. T. ning adabiy merosi 18 she’rdan iborat bo’lib, ulardan 12 tasi g’azal, 5 tasi muxammas va bittasi fard janriga oid. 434 misra hajmidagi bu merosning 165 misrasi Subhonqulixon haqidagi mashhur hajviyani tashkil etgan («Subhonqulixon to’g’risida hajviya», 1691). T. ham o’z ijodini boshqa shoirlar kabi an’anaviy ishq mavzuidan boshlagan. Uning: Turkona xirom ayladi ul sho’xi diloro, Dil mulkini bir go’shai chashm ayladi yag’mo. matlai bilan boshlangan ishqiy g’azali lirikaning yaxshi namunalaridan hisoblanadi. T. ning lirik g’azallari boshqa shoirlarnikidan o’zining nihoyatda ixchamligi, ya’ni 3-4-5 baytdan iboratligi bilan ajralib turadi. Uning tasavvufiy she’rlari ham g’oyat go’zal va falsafiy teran mazmunga boy («…Ibrat ila boq, ko’zung tufroqqa to’lmasdan burun»). T. g’azallarining aksariyati hali hech kim qalamga olmagan, o’tkir ijtimoiysiyosiy va falsafiyaxloqiy mavzularga bag’ishlangan. Ayniqsa, shoirning: Top ko’ngullik beklar, manman demang, kenglik qiling, To’qson ikki bo’li o’zbek yurtidur, tenglik qiling… matlai bilan boshlanadigan g’azalida yurgni boshqarayotgan beklarga murojaat qilib, ularni keng fe’lli, o’zaro ittifoq bo’lishga, bir-birini urug’chilik belgilariga qarab kamsitmaslikka chaqirish uning o’z davridagi yuksak fikrli, vatanparvar va haqiqiy insonparvar kishi bo’lganligidan dalolat beradi. Subhonqulixon to’g’risidagi hajviy muxammasi T. ning shoh. asari xisoblanadi. Asarda Subhonqulixon davlat tepasiga kelgach, mamlakatda ahvol yomon tomonga o’zgarganligi, osoyishtalik o’rnini tartibsizlik, adlu karam o’rnini o’zaro nifoq egallagani o’z aksini topgan. Shohning aybi shundaki, u taxtga o’tirishi bilanoq tajribali, ishbilarmon mulozimlarni quvib, ularning o’rniga o’z atrofida davlatni boshqarish ishidan butunlay xabarsiz, fikrmulohazalari sayoz, axloqan tuban kishilarni yig’adi. T. bu asarida Subhonqulixon qiyofasida johil shoh timsolini yaratadi. Ushbu hajviy asari bilan T. o’zbek hajviyotini Alisher Navoiydan keyin yangi bir bosqichga ko’targan. T. ijodi hayotiy faktlarga, teran mulohazalarga boyligi va uslubining realistik xarakteri bilan o’zbek adabiyoti rivojiga samarali ta’sir qilgan. Maxmur, Gulxaniy kabi satirik shoirlar ijodining shakllanishida muhim bosqich bo’lgan. A. Majidiy tomonidan topilgan va 1924-25 y.larda nashr etilgan she’rlar qo’lyozmasi Abu Rayxrn Beruniy nomidagi O’zbekiston FA Sharqshunoslik inti fondida saklanadi (inv. № 1407). As.:Tanlangana asarlar [2nashr],T., 1960; She’rlar, T., 1971; Izbr. proizvedeniya, T., 1951. Ad.: Yoqubov H., Turdi ijodiyoti, T., 1941;Abdullaev V., O’zbek adabiyoti tarixi [2kitob|, T., 1967; antologiya uzbekskoy poezii, M., 1950; Ma’naviyat yulduzlari, T., 2001. Abduqodir Hayitmetov.